AsosiyJamiyat

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash qamrovi ortmoqda

'Aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash qamrovi ortmoqda'ning rasmi

Biz mustaqillik yillarida emas, balki o`sha hamma maqtaydigan “sovet davri”da ham ichimlik suvini uzoqlardan tashib kelib ichardik. Suv tashib kelishning ham mashaqqati, qiyinchiliklari ko`p edi. Gohida flyagalarda (xalq tilida plak deyiladi), ba`zan chelak yoki yoqilg`i solinadigan kanistralarda, gohida esa chelaklarda bir kilometrga yaqin joydan ne-ne xasratlar bilan olib kelinar, u ham bir ikki soatda ro`zg`or uchun ishlatilib, biz bolalarning chekimizga yana o`sha yumushlar yuklanardi. Umrimizning eng o`yinqaroq davri ro`zg`or uchun suv tashish bilan o`tgan, desak ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz. Bizku, mayli, oilasida yosh bolasi yo`qlar, cholu-kampirlar, yolg`iz keksalar, bemorlarning xoli nihoyatda og`ir edi. O`sha olib keladigan joyimizda ham gohida motor buzilib qolar, odamlar esa qator bo`lib, soatlab “motor tuzalishini” kutar edik.

Ko`ksimizga shamol tegadigan davr 2018 yil keldi deb, xursand bo`ladi mahallamiz odamlari. Ayni shu yili mahallamizga uzoq hududlardan bo`lsada, trubalarda tozam ichimlik suvi tortildi. Har bir xonadonga alohida suv kirib keldi va odamlar xursandchilikdan og`zi qulog`iga etishini ko`ring. Farovonlashib borayotgan xayotni ko`rib, mahalladoshlarimizning kayfiyati ham borgan sari ko`tarilib borayotganligini ko`rib turibmiz. 

Buning asl sababi butun O`zbekistonda xalqni toza ichimlik suvi bilan ta`minlash uchun hukumatning tinimsiz mehnatlari ekanligidir. Bor-yo`g`i o`tgan 6 yilda xalqning toza suvga bo`lgan talabini qondirish uchun bajarilgan ishlarni sanab-sanog`iga etib bo`lmaydi. Aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta`minlanganligi bugun 70 foizni tashkil etayapti. Ma`lumotlarga ko`ra, 2017–2022 yillarda 25 ming 300 kilometrdan ortiq tarmoqlar, 1 ming 800 dan ziyod suv inshootlari qurilgan va qayta tiklangan. Qisqagina o`tgan 6 yil davomida 6 million 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo`lganligi qatorida, 4 milliondan ziyod insonning suv ta`minoti yaxshilangan. Quvonarlisi, bu odamlar safida bizning mahallamiz ham bor. 

Davlatimiz aholini suv bilan ta`minlash uchun mablag`ni ayamayapti. Hukumat shu davrda faqat suv uchun 1 milliard dollar safrlaganligi barchamizni xursand qiladida, albatta. Eng zo`ri, respublikamizning barcha mintaqalarida bu ishlarning jadal davom etayotganidir. Davlatimiz Orolbo`yiga jiddiy e`tibor qaratib, bu hududlarda ham markaziy suv ta`minotini qariyb 25 foizga oshirdi. Shuningdek, orolbo`yida mintaqasida aholining toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlarida 1535,4 km. suv quvuri va suv tarmog`i, 44 dona suv chiqarish qudug`i, 17 dona suv bosimini hosil qiluvchi minora, 24 dona rezervuar qurildi va rekonstruksiya qilindi, 53 dona nasos inshooti o`rnatildi. Bunday o`zgarishlarni tushunish, his qilish, qancha mablag`, qancha kuch va resurs sarflanganligini biz oddiy odamlar har doim ham bilavermaymizda. Buni faqat boshdan kechirgan, uni ko`zi bilan ko`rgan, mehnatning zalvorini, mashaqqatini tushunganlar, vazifalarning qiyinligini tushunadigan mutaxassislargina anglay oladi.

Ushbu ko`rsatkichlarni agar foizlarda hisoblasak, oxirgi 6 yilda toza markaziy suv ta`minotiga ulangan aholi ulushini Qoraqalpog`iston Respublikasida 50,8 foizdan 74,0 foizga, Xorazm viloyatida 52,1 foizdan 77,4 foizga oshirishga erishildi. Bu esa chekka hududlarning ham doimo davlat va hukumat e`tiborida, g`amxo`rligida bo`lib kelayotganligini anglatadi. Zero, toza suv, sog`lik va farovonlikning garovidir!

Bektosh Berdiev,
O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi dosenti. 

    Boshqa yangiliklar