Toshkent tumaniida yarim tunda kirakashlik qilib yurgan yigitga bosqinchilar hujum qildi, bunda ularga qizlar yordam bergan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qildi.
Jinoyat 2023 yil 7 iyun kuni soat 01:20 larda sodir bo`lgan. 24 yoshli G`.B. “Spark” avtomashinasida taksichilik qilayotgan vaqtida, TXAY yo`lining Toshkent shahri Yunusobod tumani I.Karimov mahallasi hududidan o`tgan qismidan ikki yo`lovchi ayol to`xtatadi. Ularni Qibray tumani Parvoz mahallasiga olib borib qo`yishini so`rashadi.
Mahallaga borgan vaqtida, ayollarning tanishi bo`lgan yana ikki erkak avtomashinaga chiqadi. Ularni “Uch-Qahramon” blok posti yaqinidagi ichki ko`chaga olib borgan vaqtida, avtomashinadagi erkaklar unga pichoq o`qtalib, qo`llari bilan urib tan jarohati etkazishadi. So`ngra zo`rlik ishlatib avtomashinaning orqa o`rindig`iga o`tkazib, ulardan biri avtomashina boshqaruviga o`tiradi. Ikkinchi erkak esa haydovchiga pichoq o`qtalib, "Redmi-5" rusumli telefon apparatini va qo`lida bo`lgan soatini tortib oladi.
Toshkent shahar Uchtepa tumani hududidagi avtomobillarga yoqilg`i quyish shaxobchasiga kirgan vaqtlarida, haydovchi avtomashinadan tushib qochadi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan noma`lum shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda zo`rlik ishlatib transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni 21 yoshli P.F. (erkak), 18 yoshli S.M.(ayol), 22 yoshli N.B. (erkak) va 18 yoshli A.Yu. (ayol)lar sodir etganliklari hamda jabrlanuvchiga tegishli bo`lgan avtomashinani Zangiota tumani Mustaqillik ko`chasida joylashgan uylarning biri oldida tashlab ketilganligi aniqlangan va avtomashina ko`zdan kechirilib ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxslar qo`lga olinib, ulardan jabrlanuvchiga tegishli bo`lgan «Redmi-5» rusumli telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan, hozirda ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirda yuqoridagi shaxslar nima sababdan ushbu jinoyatga qo`l urganligi aniqlanmoqda.
Tergov harakatlari davom etmoqda.