AsosiyJamiyat

Ekopartiya: 2030 yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli engil avtomobillarni sotish, chetdan olib kirish taqiqlashni taklif etyapmiz

'Ekopartiya: 2030 yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli engil avtomobillarni sotish, chetdan olib kirish taqiqlashni taklif etyapmiz'ning rasmi

Oxirgi paytlarda dunyo miqyosida "ekologik toza transport" larga o`tishga alohida e`tibor berilmoqda. Sababi bugungi kunda atrof-muhitni eng ko`p ifloslantirayotgan qurilmalar safida ichki yonuv dvigatelida ishlaydigan transport vositalari etakchi o`rin tutmoqda. Issiqxona gazlari hosil qiladigan global tashlanmalarni 15 foizi transport tizimiga to`g`ri kelmoqda va buning ham asosiy qismi – 72 foizi yo`lda harakatlanadigan avtomobillarga tegishlidir.

Shu sababli hozir transportning ayni turidan bosqichma-bosqich voz kechish, harakatni imkon qadar ekologiyaga zarar keltirmagan holda amalga oshirish o`ta dolzarb masalaga aylangan. «Ekologik toza» transportlar bir tomondan atrof muhitga ziyon keltirmaydi, ikkinchi tomondan inson sog`lig`i uchun ham muhim, qolaversa, mamlakat iqtisodiyoti va oilaviy byudjetga ham foyda keltiradi. Shu sababli ko`plab davlatlarda insonlarning shunday transportdan foydalanishini rag`batlantirish uchun maxsus tartiblar, alohida imtiyozlar joriy qilinmoqda.

Shuning uchun ham ichki yonuv dvigatellari bilan jihozlangan avtomobillarni taqiqlash atrof-muhit holatini yaxshilashga va albatta mamlakatda avtomobil sanoatini rivojlantirishda muhim rol o`ynaydi.

Shulardan kelib chiqqan holda O`zbekiston Ekologik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzaevning saylovoldi dasturida ozonni emiruvchi moddalarni ozon uchun xavfsiz moddalar bilan almashtirish bo`yicha bir qator takliflar ilgari surilmoqda.

Jumladan, yirik shaharlarda jamoat transporti jozibadorligini oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar kuchaytiriladi, xususan elektr avtobuslarni ko`paytirish orqali shahar atmosfera havosini barqarorlashtirish maqsad qilingan.

Yuk tashish yirik yuk mashinalaridan temir yo`l transportlariga va atrof-muhitga kamroq ta`sir ko`rsatadigan boshqa transport turlariga o`zgartirish va 2030 yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli engil avtomobillarni sotish, chetdan olib kirishni taqiqlash taklif etilmoqda. 

Aholi punktlarida yashil hududlar barpo etishni jadallashtirish, Toshkent shahri va viloyat markazlarida avtomobil yo`llarini qisqartirish hisobidan piyodalar va velosiped yo`laklarini tashkil etish, aqlli svetoforlarni keng joriy etishni ta`minlash orqali atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko`rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini ta`minlashga erishiladi.

O`zbekiston Ekologik partiyasi

                        

    Boshqa yangiliklar