Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Buxoro viloyati Buxoro shahrida XX xalqaro “Ipak va ziravorlar“ festivali bo`lib o`tmoqda.
Bu yilgi festival uchun mahalliy byudjet mablag`laridan 500 mln atrofida pul ajratildi. Bu haqda Buxoro viloyati Madaniyat va turizm boshqarmasi boshlig`i Suxrob Bobokalonov Darakchi.uz’ga ma`lum qildi.
“Bu yilgi festivalda 400 dan ortiq ham mahalliy, ham xorijiy hunarmandlar ishtirok etmoqda. Festivalni birinchi marta iyun oyida o`tkazayapmiz. Buning sababi shundaki, shu paytgacha may oyining oxirrog`ida o`tkazilardi, bu esa turistlar oqimi ayni ko`paygan vaqtga to`g`ri kelardi. Iyun oyi issiq bo`lganiligi sabab xorijiy sayyohlar biroz kamayardi. Ana shu davriylikni uzaytirish uchun ham festival iyun oyida o`tkazilyapti.
Bizni E-mehmon degan dasturimiz bor. Bu dastur orqali kelgan mehmonlarni uzluksiz kuzatib boramiz. O`tgan yilning shu davriga qarab hisoblasak, mehmonxonalarimizning to`lish darajasi 30 dan 80 foizga chiqdi. Iyun oyining jaziramasiga qaramasdan, bu natijaga erishishimiz juda zo`r. Hozirda 10 mingga yaqin xorijiy va yana shuncha mahallty sayyohlar Buxoroda yuribdi.
Festival uchun ilk marotaba minimal summa sarflandi. Faqat mahalliy mablag`lar jalb qilingan. Respublika byudjetidan olinmagan”, dedi Suxrob Bobokalonov.






