Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buloqboshi tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.H.” MChJ rahbari R.M. va “S.T.” UK Andijon viloyati hududiy boshqarmasi mas`ul shaxslari Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida oqava suv tizimi qurilish ishlarida rasmiy hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo`shib yozish orqali jami 1,7 mlrd so`mni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek,ma`lum qilinishicha, Departamentning Pastdarg`om tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.K.” MChJ mas`ul shaxslari “Juma” pochta aloqa tarmog`i binosini qurishda amalda bajarilmagan ishlarni qo`shib yozish orqali jami 261,6 mln so`mni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Mirishkor tuman tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “O.K.” MChJ va “N.D.” XK mas`ul shaxslari va boshqalar tumandagi 12 ta MFY hududidini obodonlashtirishda jami 221,3 mln so`mni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
19.06.2023 08:39
3 ta hududda qurilish-ta`mirlash ishlarida katta miqdorda talon-torojliklar aniqlandi






