"O`zgidromet" joriy haftada O`zbekistonda kutilayotgan ob-havo ma`lumotini e`lon qildi.
Ma`lum qilinishicha, bugun kunduzi respublika bo`yicha yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyatining cho`l hududlarida ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Bugun havo harorati 36-41 daraja, Surxondaryo viloyatida ba`zi joylarda 42-45 daraja atrofida bo`ladi.
Kavkaz hududlaridan nisbatan biroz salqin havo kirib kelishi hisobiga ertangi kundan issiq biroz pasayadi. Havo harorati ish haftasining oxirigacha 33-38 daraja atrofida bo`ladi. Respublikaning eng chekka janubida issiq havo massasining ta`siri saqlanib turadi. Harorat asosan 39-41daraja, Surxondaryo viloyatida hafta o`rtasiga kelib, ba`zi joylarda 42-44 darjagacha bo`ladi.
20 iyunda Farg`ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek kechasi va ertalab Toshkent viloyatida ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin.
Haftaning birinchi yarmida ob–havoning beqarorligi respublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida saqlanib turadi – ba`zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg`irlar yog`adi. Bugun kunning ikkinchi yarmida va ertaga ba`zi joylarda yomg`ir kuchli yog`adi, do`l yog`ishi ehtimoldan holis emas.
Bugun va ertaga respublika bo`yicha ba`zi joylarda, 23 iyunda janubda va cho`l hududlarda shamolning kuchayishi, ayrim joylarda chang-to`zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Poytaxtda havo biroz bulutli bo`ladi, vaqti-vaqti bilan o`zgarib turadi, yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat kechasi va ertalab 20 iyunda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Sharqiy yo`nalishdagi shamol birozdan o`rtachagacha esadi, faqat bugun kunning ikkinchi yarmida shamol tezligi 12-17 m/s gacha kuchayishi, ba`zi joylarda chang-to`zon bilan kuzatilishi mumkin. Havo harorati 19 iyunda 38-40o, keyinchalik ish haftasining oxirigacha 35-37 daraja bo`ladi.






