Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqoltin tuman bo`limi tomonidan IIB hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo`limi xodimlari bilan hamkorlikda Sirdaryo tumanidagi YPX maskanida tezkor tadbir o`tkazildi. Bu haqda Departament Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda fuqaro G`.X. “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasida fuqaro I.Yu.ga tegishli iste`molchilarning hayoti yoki sog`lig`i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 941 kg qoramol go`shtini Toshkent shahrida o`tkazish maqsadida olib ketayotgan vaqtda ushlanib, ushbu go`sht mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o`tkazish maqsadini ko`zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o`tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko`rsatish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.