Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalari davlat tibbiy sug`urtasi tizimiga o`tishi bois oilaviy poliklinika xodimlari fuqarolardan shaxsiy hujjat ma`lumotlarini talab qilayotganiga doir xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent Sog`liqni saqlash boshqarmasi izoh berji.
Ma`lumki, 2023 yil 1 iyul sanasidan Toshkent shahrida davlat tibbiy sug`urtasi tizimi mexanizmlarini joriy etish belgilangan.
Buning uchun poytaxtdagi 72 ta poliklinika, 12 ta ko`p tarmoqli markaziy polikliklinika va 40 ta shifoxona kompyuter jihozlari, zarur tibbiy uskunalar bilan ta`minlanib, tibbiyot muassasalarini to`liq raqamlashtirish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Mazkur tizim ishga tushgach, fuqarolar kafolatlangan tibbiy xizmat ko`rsatish paketlaridan foydalanish imkoniga ega bo`ladi. Ya`ni elektron bazaga har bir bemorning tashxisi, kasalliklari, olgan muolajalari haqida to`liq ma`lumotlar kiritilib, shifokor shu asosda bemorni nazoratga oladi va profilaktika hamda davolash choralarini ko`radi.
Qolaversa, bemorlar dorilarni elektron usulda ham olishi mumkin. Natijada oilaviy poliklinikalardagi navbatlarning oldi olinib, qatnovlar soni kamayadi.
Afsuski, so`nggi kunlarda davlat tibbiy sug`urtasi tizimining mohiyati to`liq anglab etilmasdan jamoatchilik orasida "endi oilaviy poliklinika xizmatlari pullik bo`lar ekan" degan noto`g`ri tushuncha paydo bo`lmoqda.
Avvalo, shuni aytish kerakki, poliklinikada ro`yxatdan o`tmagan aholiga pullik xizmatlar ko`rsatilishi haqida internetda tarqalgan xabarlar asossiz.
Normativ hujjatlarga ko`ra, respublikaning barcha fuqarolariga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi doirasida davlat tibbiy xizmatlari bepul taqdim etiladi.
Buning uchun fuqaro endilikda oilaviy shifokor qabuliga kelgan vaqtda identifikasiyadan o`tishi lozim. Ya`ni
“Elektron poliklinika”ga ma`lumotlarni kiritish uchun fuqaro shaxsini tasdiqlovchi xujjatni taqdim etishi zarur.
"Agar telefon orqali kimdir o`zini oilaviy poliklinika “xodimi” deya tanishtirsa va sizdan o`zingiz hamda oila a`zolaringiz pasporti va farzandlaringizning tug`ilganlik haqidagi guvohnomalari nusxalarini internet tarmog`i orqali uzatishni so`rasa, buni rad eting.
Aksincha oilaviy poliklinika xodimlari telefon orqali sizdan pasport ma`lumotlarini tasdiqlash uchun vaqt ajratishingiz va tibbiyot muassasasiga shaxsan kelishingizni so`raydi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasalariga biriktirish voyaga etgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Voyaga etmagan shaxslarni biriktirish uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillar tomonidan bajariladi.
Shu o`rinda poytaxt aholisidan Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalari davlat tibbiy sug`urtasi tizimiga o`tishi munosabati bilan o`zi va oila a`zolarining shaxsiy hujjatlari bilan hududiy oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlarini so`raymiz", - deyiladi xabarda.






