1

Kuz — muhabbat so`nadigan faslmi?..

SUG'DIYONA 13.10.2016, 16:06
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin
Kuz — muhabbat so`nadigan faslmi?..

Sevgi-muhabbat, ehtiros – bularning bari er-xotin o`rtasidagi o`zaro munosabatlarda qanchalik muhim bo`lsa, jinsiy hayot uchun ham shu qadar zarurdir. Ammo bilamizki, aksariyat ayollar ushbu mavzuda gapirishga, o`zlarini qiynayotgan savollarga javob olishga andisha qilishadi. Shu bois bugungi suhbatimizda ayollarni o`ylantiradigan jinsiy hayot masalalari haqida ochiq gapirishga jazm qildik. Bu borada bizga oliy toifali shifokor-seksopatolog Dilmurod Ergashev ko`mak berdi.

— Avvalo, er-xotin o`rtasidagi jinsiy yaqinlik munosabatlariga ozroq tasnif bersangiz. Chunki ko`pgina  juftliklar nazdida bu tushuncha biroz boshqacharoq talqin qilinadi.

— Jinsiy yaqinlik, deganda, avvalo, er-xotin o`rtasidagi sevgi-muhabbat, hurmat, bir-biriga bo`lgan qiziqish, jinsiy talpinishning yuqori nuqtasi tushuniladi. Bularning bari er-xotin o`rtasidagi muhabbat qanchalar kuchli ekani, qolaversa, erkak va ayoldagi seksual garmoniyaning mavjudligi bilan namoyon bo`ladi. Shu o`rinda seksual garmoniya haqida to`xtalsak. Er-xotinni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, ularning qarshi jinsga nisbatan qiziqishini orttiruvchi kesishish nuqtalari mavjud bo`lgandagina seksual garmoniya yuzaga keladi. Oddiy atama bo`lgani bilan jinsiy munosabatlar garmoniyasining bor yoki yo`qligi jinsiy hayot sifatiga jiddiy ta`sir etishini unutmaslik kerak.

 

— Kayfiyat yoki fasllar almashinuvining er-xotin o`rtasidagi ehtiroslarga ta`sir bormi?

— Inson yaxshi kayfiyatda bo`lsa, undagi fantaziyalar ham shu qadar boy va turli-tuman tus oladi. Kayfiyatga esa tabiat manzaralari, qushlar sayrog`i, oftob nuriyu yorug`lik darajasining ham ta`siri bor. Masalan, quyosh inson kayfiyatiga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir qiladi. E`tibor bergan bo`lsangiz, bulutli kunlarda kayfiyat tushkun bo`lib, depressiya, asabiylik odatdagidan ko`p kuzatiladi. Va shunisi aniqki, kayfiyat xushnud, fikrlar tiniq va turli noxush o`ylardan holi bo`linsa, jinsiy munosabatlarda muammo tug`ilmaydi. Ongni chalg`itadigan turli salbiy hissiyotlardan ozod bo`lishga erishilsa, er-xotinning ehtiroslarini so`ndiruvchi  omillar o`z-o`zidan barham topadi. Shuningdek, insonning yoshi ham ehtiroslarga ta`sir o`tkazishi mumkin. Yosh oilalar hali hayotiy muammolarga u qadar chalg`imaganliklari va fantaziyalarida ijodkorlik etakchi o`rin tutgani bois, jinsiy munosabatlarda muammolar u qadar ko`p bo`lmaydi. Yosh kattalashgani sari juftliklarning tajribasi ortib, jinsiy yaqinlikka moyillikning talab va ehtiyojlari ko`paya boradi. Ammo yoshdan qat`i nazar, turmush tashvishlari, hayotiy muammolar soyasida qolib ketgan juftliklarning jinsiy hayot sifati ham sustlashib borishini tajribada ko`p kuzatganmiz. 

 

— Turmush tashvishlari bilan istamasak-da, to`qnash kelaveramiz. Shu ma`noda o`n-o`n besh yillik turmushni boshdan kechirgan ayollarning jinsiy hayotga qiziqishlari so`nib borishini qanday izohlash mumkin?

— Geometriyada shunday tushuncha bor: bir nuqtadan shakl yasab bo`lmaydi. Aytaylik, ikki nuqta bo`lsa, to`g`ri chiziq hosil qilish, uchta bo`lsa uchburchak, ko`p nuqtalar yordamida esa istalgan shaklni yaratish mumkin. Xuddi shunday er va xotin o`rtasida ham kesishish nuqtasi bo`lishi kerak. Bu nuqtalar qanchalik ko`p bo`lsa, jinsiy hayot garmoniyasi shunchalik yuqori bo`ladi. Kesishish nuqtalari, deganda, juftliklarning bir-biriga nisbatan o`zaro qiziqishini uyg`ota oladigan, ehtiroslarni junbushga keltiradigan munosabatlarni nazarda tutayapman. Uning mavjud bo`lmasligi er-xotinning bir-biriga bo`lgan qiziqishi yo`qolishi, so`nishiga olib keladi. Libido, degan so`zni eshitgansiz. Bu insonning bir-biriga talpinishi, jinsiy qo`zg`alishning tortishishi, demakdir. Agar erkak va ayol bir-biriga qiziqmasa, libido kamayib ketishi hech gap emas.

 

— Jinsiy hayot sifatini ta`minlash nimalarga bog`liq?

— Munosabatlarni yaxshilash insonning faqatgina o`ziga bog`liq. Er-xotin munosabatlarida garmoniyaga erishishni istaganlar bir-birini hurmat qilishi, bir-birini tinglay bilishi, o`zaro munosabatlarda diplomatik muomalaga e`tibor berishi lozim. Bilasiz, ayol kishi shirin so`zning gadosi. Agar unga jufti yaxshi muomala qilib, bo`lar-bo`lmasga turtkilamasa, kamsitmasa, u ham eriga shunday javob qaytaradi. Erkak kishini bog`bon, deb tasavvur qilsak, bog`idagi gulning hamisha go`zal va barq urib ochilib turishini istasa, u doimo shunga harakat qilishi, gulni parvarishlashi kerak. Zero, ayol juftining e`tibori, xushomadi va mulozamatlaridan yashnab ketadi.

 

— Qars ikki qo`ldan chiqadi, deyishadi. Buning ayolga ham bog`liqlik taraflarini aytsangiz.

— Albatta, erni er qiladigan — xotin, degan gap faqat turmush tutumi nazarda tutilib aytilgan gap emas. U  jinsiy hayotga ham taalluqlidir. Agar siz juftingizni bo`lar-bo`lmasga kamsitib, arzimagan narsadan janjal chiqarsangiz, uning xushomadlariga qo`pol javob bersangiz, jinsiy yaqinlik vaqtida sha`niga tegadigan gap aytib yuborsangiz, bilingki, har qanday o`ziga ishonchi mustahkam erkakni ham er bilan tenglashtirgan bo`lasiz. Bu esa oilaviy hayotingizda chigal muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Aksincha, eringizni ko`klarga ko`tarib maqtasangiz, uning harakatlaridan qanchalik rohatlanayotganingizni samimiy ifodalay bilsangiz, juftingiz yanada yaxshiroq bo`lishga intiladi. Hatto sizga ma`qul kelmayotgan holatni ham dangaliga aytmang. Gapni pardaga o`rab, mavridini topib, muloyimlik bilan tushuntiring. Uning harakatlarini mukofotlab tursangiz, sizdan yaxshisi, suyuklisi bo`lmaydi. Ba`zi ayollar borki, juftining xohishlarini turli bahonalar bilan rad etadi. Unutmang, erkak kishi tabiatan ovchi.  Unda jinsiy yaqinlik istagi ayolga nisbatan kuchliroq bo`ladi. Xohishi ketma-ket rad etilgan erkakning bora-bora ayolidan ko`ngli sovishi mumkin. Ko`rib turganingizdek, ayollarga ko`p narsa bog`liq.

 

— Ba`zi ayollar jinsiy yaqinlik paytidagi og`riqlardan shikoyat qilishadi...

— Koitus-fobiya — aloqa paytida jinsiy a`zolarning spazm bilan yopilib qolishi, ya`ni vaginizm kasalligiga xos ko`rinishlardan biridir. Bu juda jiddiy kasallik bo`lib, uni keltirib chiqaruvchi omillar talaygina. Nevroz tufayli, ba`zan esa kimningdir aloqa vaqtida qattiq og`riq bo`ladi, degan oddiy gapi sababli ham mazkur turdagi fobiya kelib chiqishi mumkin. Albatta, bu kasallik jinsiy hayot sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Kasallik belgilari kuzatilayaptimi, ginekologga emas, seksopatologga murojaat qilib, tibbiy-tahliliy tekshiruvlardan o`tish va muolajani boshlash kerak. Zero, hozirgi kunda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan mazkur kasallikni davolashning bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan texnologiyalari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotgani ham bejiz emas.

 

— Gormonal disbalans, ayrim turdagi dori preparatlarini qabul qilish yoki surunkali kasalliklar xuruji jinsiy ishtiyoq so`nishiga olib kelishi mumkin ekan. Shu rostmi?

— Bular tibbiyotda neyrogumoral omillar, deb atalib, gormonal o`zgarishlar, ayrim turdagi surunkali kasalliklarning qo`zg`alishi va boshqa holatlar uning tarkibiga kiradi. Yuqorida aytib o`tganimizdek, sog`lom odamning kayfiyati, jinsiy ehtiyoji va istagiga quyosh nuri qanchalik ta`sir etsa, salomatligidan shikoyati borlarni ham gormonal o`zgarishlar seksual muammolarga olib kelishi mumkin. Bu jinsiy aloqaga bo`lgan ishtiyoqning so`nishida ham kuzatiladi. Shunday hollarda, albatta, shifokorlar: endokrinolog, ginekolog, seksopatologga murojaat qilish va zarur muolajalarni kechiktirmaslik lozim. Mutaxassislar bemor bilan suhbatlashish asnosida bezovtaliklar haqida surishtirishadi, maxsus savol-javob, test tarzidagi so`rovlar o`tkaziladi, tibbiy-tahlil namunalari olinib, kasallikka aniq tashxis qo`yiladi. Tabiiyki, shunga ko`ra, davolash kursini boshlash mumkin. Bir so`z bilan aytganda, organizm funksiyalari bir-biriga bog`liq bo`lganligi bois, turmush tarzi va jinsiy hayotdagi biror o`zgarish sezilmay qolmaydi.

 

“Istasang, har qanday muammoning echimini topasan. Muhimi, vaqtdan yutqazib qo`ymaslik”, degan ekan, faylasuflardan biri. Darhaqiqat, sizda bor muammolar boshqalarda ham mavjud bo`lishi mumkin. Hamma gap uni hal qila bilishdadir!

Marjona RAHIMOVA suhbatlashdi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1