Er yuzidagi yuz millionlab musulmrnlar Iyd al-Adha - Qurbon hayitini nishonlamoqda. Rivoyatlarga ko`ra, bu an`ana hz. Ibrohim (a.s.) Alloh tomonidan imtihon qilingan kundan boshlanadi. Ma`lumki, diniy manbalarda, xususan, Bibliya va Qur`onda Ibrohim (a.s.)ning o`z o`g`illarini Yaratganning amriga binoan qurbonlik qilmoqchi bo`lgani yoziladi.
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist, tadqiqotchi Firdavs Abduholiqovning xabar berishicha, Ibrohim (a.s.) Allohga bo`lgan itoatlari sabab o`z o`g`illarini uydan olib chiqadilar. Belgilangan joyga borib, Ismoil (a.s.)ning bo`g`ziga pichoq qadaganlarida, Allohning izni bilan Jabroil (a.s.) jannatdan bir qo`chqor olib chiqadi va Ismoil (a.s.) qurbonlikdan qutuladi.
Bu voqea Qur`oni karimning “as-Soffat” surasida tilga olinadi. Suraning 106-107-oyatlarida o`qiymiz. «Albatta, bu ochiq-oydin sinovning ayni o`zidir. Biz uning o`rniga katta qurbonlik fido qildik».
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist, tadqiqotchi Firdavs Abduxoliqovning ma`lumot berishicha, Portugaoiya poytaxt - Lissabondagi Gyulbenkyan kolleksiyasida saqlanayotgan, temuriylar davrida 1410–1411 yillarda Sherozda ko`chirilgan “Temuriylar davriga oid muraqqa`” (albom)da Ibrohim (a.s.) o`z o`g`lini qurbon qilayotgani aks ettirilgan.
Suratda ayni ana shu oyatlarda zikr qilingan holat tasvirini ko`rishimiz mumkin. Unda Ibrohim (a.s.) o`z o`g`li Ismoil (a.s.)ning bo`yniga pichoq tirab turgani tasvirlangan. Sarg`ish rangli fonda havoda muallaq turgan to`rt nafar qanotli farishta ko`zga tashlanadi. Ibrohim (a.s.)ning qarshisida jannatdan qo`chqor olib chiqqan Jabroil (a.s.) ham qanotli ayol ko`rinishida aks ettirilgan.






