Mazkur holat joriy yilning 26 iyun kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanida sodir bo`lgan. Bu haqda "Millar" xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, 2001 va 2007 yilda tug`ilgan yigitlar oldindan jinoiy til biriktirib, o`zganing mulkini o`zlashtirish maqsadida Taxi mobil ilova orqali 2002 yilda tug`ilgan yigit boshqaruvidagi mashinani chaqirtirib, Toshkent tumaniga olib borishini so`ragan.
Belgilangan manzilga olib borgandan so`ng, gumonlanuvchilardan biri oldida bo`lgan pichoq bilan haydovchiga tan jarohati etkazgan. So`ngra gumonlanuvchi 2 yigit haydovchining telefonini olib, voqea joyidan qochib ketgan.
Haydovchi mahalladagi fuqarolardan yordam so`ragan. Voqeaga guvoh bo`lgan fuqaro holatni quyidagicha izohladi:
"O`g`limni ko`tarib, ko`chaga chiqsam, mana bu erga Nexia-3 mashina to`xtadi. Xotinim "pichoqlab ketdi" deb, baqirib qoldi. Qarasam, u odam bo`ynini ushlab olgancha, yordam so`radi. Men 102, 103 ga telefon qildim. Tirik edi, lekin bo`ynidan kesib tashlangan edi".
Mahalla raisining ta`kidlashicha, marhum va gumonlanuvchilar Toshkent tumani "Shamsiobod" MFY hududida istiqomat qilmagan. Ular Qashqadaryo viloyati Dehqonoboddan bo`lganligi aytilmoqda.
Voqea kuzatuv kamerasi yozuvlariga tushib qolgan va gumonlanuvchilar juda tezkor tartibda topilgan.
Bosh prokuratura Matbuot kotibining ma`lum qilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan JKning 97-moddasi 2-qismi (qasddan odam o`ldirish) bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Gumonlanuvchilar JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan..