Avvalroq, Xorazmda oilaviy bolalar uyi rahbari uch nafar voyaga etmagan tarbiyalanuvchini 10 oy davomida viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar bo`limi boshliqlari bilan jinsiy aloqada bo`lishga majburlagani haqida xabar bergan edik.
Oliy sud Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati kassasiya instansiyasining 2023 yil 6 apreldagi ajrimi bilan Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimining A. M. va A. K. ga oid qismini bekor qilib, ishni yangitdan apellyasiya instansiyasi sudida ko`rish uchun yuborish to`g`risidagi Xorazm viloyat prokuraturasining kassasiya tartibidagi protesti qanoatlantirilib, ushbu jinoyat ishini yangidan apellyasiya instansiya sudida ko`rish uchun yuborilishi belgilandi va Jinoyat-prosessual kodeksining 393-moddasiga (jinoyat ishining sudlovga tegishliligiga ko`ra o`tkazilishi) asosan ushbu jinoyat ishi apellyasiya tartibida yangidan ko`rib chiqish uchun Toshkent shahar sudiga yuborilgan edi.
Ayni paytda Oliy sud matbuot xizmatining xabar qilishicha, Jinoyat-prosessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko`rilishi) talablariga muvofiq mazkur jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko`rib chiqilmoqda.
Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasining sud majlisida prokuror sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, Jinoyat-prosessual kodeksining 416-417-moddalari tartibida sudlanuvchilarga yangi ayblov bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atish va boshqa shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun jinoyat ishi hujjatlarini ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga yuborish to`g`risida ajrim chiqarishni so`radi.
Apellyasiya instansiya sudlov hay`ati prokuror iltimosnomasini qanoatlantirib, sudlanuvchilar A. M. va A. K. ga oid jinoyat ishi bo`yicha ajrim qabul qilib, Xorazm viloyat prokurorining o`rinbosariga yuborildi va jinoyat ishini ko`rish 1 oylik muddatga to`xtatildi.






