Avval xabar berilganidek, bloger Abduqodir Mo`minovga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan edi.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko`ra mazkur jinoyat ishi bo`yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo`lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 421 567,5 so`m miqdorida moddiy zarar etkazilganligi aniqlangan.
Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbarining ma`lum qilishicha, u Jinoyat kodeksining quyidagi bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda:
- 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari,
- 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi,
- 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi,
- 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi,
- 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandi.
Ma`lumot o`rnida: Abduqodir Mo`minov 1990 yilda Surxondaryo viloyatida tug`ilgan, “Oynaga qarang” MChJ rahbari, muqaddam sudlanmagan.
Unga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan bo`lib, uni ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni joriy yilning 25 iyul kuni soat 15.00 da boshlanishi belgilandi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudining raisi S. Sodiqov raisligida ko`rib chiqiladi.






