18 iyul kuni Toshkent viloyatida “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llashga qarshi konvensiyaning bajarilishi bo`yicha O`zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy hisobotini tayyorlash yuzasidan davlat organlari xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish” mavzusiga bag`ishlangan trening boshlandi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.
To`rt kun davom etadigan o`quv mashg`ulotlari Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi va EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etildi. Mazkur trening huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va akademik hamjamiyat vakillari uchun o`tkazilmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi – Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llashga qarshi konvensiyaning bajarilishi bo`yicha O`zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy hisobotini tayyorlash doirasida xorijiy mamlakatlarning eng yaxshi amaliyotlari bilan tanishtirish orqali huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va akademik hamjamiyat vakillarining bu boradagi bilim va ko`nikmalarini oshirishdan iborat.
Trening davomida milliy ekspertlar Qiynoqlarga qarshi qo`mitaning O`zbekistonga taqdim etgan yakuniy tavsiyalari ijrosi bo`yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to`g`risida ham ma`lumot beradi.
Ishtirokchilar BMTning Qiynoqlarga qarshi qo`shmitasi faoliyati, Qiynoqlarga qarshi konvensiya ijrosi bo`yicha hisobot berish jarayoni, mazkur jarayondagi xalqaro standartlarni ko`rib chiqmoqda. Shuningdek, Qiynoqlarga qarshi qo`mita yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish va monitoring qilish mexanizmini takomillashtirish bo`yicha milliy salohiyatni kuchaytirish, Qo`mitaga davriy hisobotlarni taqdim etish shartlari muhokama qilinmoqda.
Mashg`ulotlar avvalida alohida ta`kidlanganidek, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish va bartaraf etish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish borasida tizimli chora-tadbirlar izchil va bosqichma-bosqich asosda amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta`kidlaganidek, “Shafqatsiz muomala va qiynoqlarning taqiqlanishi – inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarda ham, butun dunyo mamlakatlarining milliy qonunchiligida ham e`tirof etilgan asosiy huquqdir. Yangi tahrirdagi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zo`ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”.
Mazkur trening O`zbekistonda EXHTning loyihalarini amalga oshirish bo`yicha 2023-2024 yillarga mo`ljallangan “Yo`l xaritasi” doirasida tashkil etildi.