Toshkentdagi tumanlardan birida 22 yoshli yigit 16 yashar qizga hujum qilib, unga shilqimlik qildi. Bu haqda “Sukut saqlama” (“Ne molchi”) loyihasi xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, voqea joriy yilning iyun oyida Toshkent shahrining tumanlaridan birida sodir bo`lgan. 16 yoshli qiz uyiga qaytayotganida, uning ketidan ma`lum muddat poylab kelayotgan odamni ko`rmagan. Uyiga kirish yo`lagida yigit qizga orqadan hujum qilib, og`zini qo`li bilan berkitmoqchi bo`lgan. Unga teginishni boshlagan va o`pmoqchi bo`lib, yiqitgan. Qiz yordamga chaqira boshlaganda zo`ravon qochib ketgan. Qo`rqib ketgan qizga qo`shnilar yordam bergan, hovlidagi erkaklardan biri jinoyatchini quvib eta olmagan.
Qizning onasi zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan va voqeani to`liq tasvirga olgan birinchi qavatdagi videokuzatuv kamerasidagi yozuvlarni taqdim qilgan. Onaning so`zlariga ko`ra, zo`ravon tez topilgan. U Toshkent kimyo-texnologiya institutining 2-bosqich talabasi, 2001 yilda tug`ilgan X.A. bo`lib chiqqan.
Qiz onasining aytishicha, tergov davomida yigit bunday jinoyatga birinchi marta qo`l urmayotgani ma`lum bo`lgan. Joriy yilning mart oyida u xuddi shu hududda bir ayolga hujum qilgan. O`shanda ham jabrlanuvchi ayol huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, biroq hujum qilgan shaxs topilmagan. Huquq himoya qilish organlari xodimlarining o`zi esa bunga jiddiy qaramay, ishni yopgan.
“Qizning oilasi advokat yollagan, biroq ularga jinoiy ish qo`zg`atish rad etilgan. Yigitning harakatlarida tergov hech qanday zo`rlash maqsadini ko`rmay faqat bezorilik maqsadini aniqlagan. Onaning so`zlariga ko`ra, Ichki ishlar boshqarmasi va tuman prokuraturasi uch marta zo`ravonga jarima solishga uringan. Faqat oxirgi sudda ishni shahar prokuroriga nazorat qilish uchun topshirish haqida qaror qabul qilingan. Prokuror bu shaxsning xatti-harakatlarida jamoat xavfini hisobga olgan va uni qonun doirasida to`liq jazolash uchun hamma narsani qiladi, deb umid qilib qolamiz”, deyiladi xabarda.






