Avvalroq, Sirdaryoda shifoxonaga quturish tashxisi bilan olib kelingan fuqaro vafot etgani haqida xabar bergan edik. Sanepidqo`mita Axborot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bilan chiqdi.
Ma`lum qilinishicha, Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2023 yil 18 iyul kuni soat 19:20 da quturish kasalligiga gumon qilinib, bir nafar fuqaro yotqizilgan.
Fuqaroni 2023 yil fevral oyida o`zining 3 yoshli, qora rangli iti chap oyoq boldir sohasini tishlagan.
Iyul oyigacha bo`lgan vaqt davomida bemor tibbiyot muassasasiga murojaat qilmagan.
Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi tomonidan bemorga o`tkazilgan davo muolajasiga qaramasdan 19 iyul kuni soat 21:35 vafot etgan. Bemordan namuna olish uchun patologik anatomiya tekshiruviga jo`natildi.
Marhumga jarohat etkazgan itni boshqa fuqarolarga jarohat etkazganligini o`rganish va kasallikni oldini olish maqsadida marhum yashash manzilida ShTAB tashkil etildi.
Tibbiyot xodimlaridan iborat 10 ta guruh tuzilib 32 nafar tibbiyot xodimlari xonadon aylanish tadbirlariga jalb etildi.
Sanepidqo`mitaning Boyovut tumani bo`limi 10 nafar xodimlari epidemiologik surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Mutaxassislar xonadonma-xonadon yurib aholining tibbiy-sanitariya madaniyatini oshirish maqsadida xavfli, o`ta xavfli yuqumli kasallliklar mavzularida sanitariya-targ`ibot ishlarini olib bormoqda.
Sirdaryo viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarma ma`sullari hamda tuman mutaxassislari tomonidan mahalladagi barcha xonadonlardagi itlarni, mushuklarni qutirish kasalligiga qarshi emlash tadbirlar olib borilmoqda.






