Avval xabar qilganimizdek, FVV tizimidagi Toshkentda joylashgan harbiy qismlarning birida muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan 24 yashar samarqandlik yigit vafot etdi.
Holat bo`yicha FVV rasmiy ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan askar sog`ligi yomonlashib, shifokorlarga murojaat qilgan va shifoxonaga joylashtirilgan. Ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan askar shifoxonada vafot etgan. Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko`ra askar o`limiga o`pkaning ikki tomonlama pnevmoniyasi asorati sabab bo`lgan.
"Mazkur xolat bo`yicha Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari O`zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Tergov yakuni bo`yicha ma`lumotlar taqdim etiladi", - deyilgan rasmiy xabarda.






