Hisob palatasi tomonidan masofaviy tarzda olib borilgan risk-tahlil natijalariga asosan Surxondaryo viloyati Denov tumani maktabgacha va maktab ta`limi tashkilotlarida qisqa muddatli nazorat tadbiri o`tkazildi. Bu haqda Palata Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda, masofaviy tarzda olib borilgan risk-tahlillarda tuman maktabgacha ta`lim tashkilotlarining ayrimlarida qariyb 3 mlrd so`mga yaqin byudjet mablag`larining noqonuniy sarflanganligi bo`yicha shubhali to`lovlar aniqlandi.
Shu asosda, ishchi xodimlarga 2020-2023 yillarda hisoblangan ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarni hisoblanishi va to`lanishi joyiga chiqqan holda tekshirildi.
O`tkazilgan tekshirish natijalari bo`yicha jami 11,3 mlrd so`mlik byudjet mablag`larini maktabgacha ta`lim bo`limi markazlashgan buxgalteriyasining ayrim mas`ul xodimlari tomonidan noqonuniy tarzda o`zlashtirilganligi aniqlandi. Jumladan:
- Maktabgacha ta`lim tashkilotlarida 2022-2023 yillarda ishlamagan 141 nafar fuqarolar nomiga 4,8 mlrd so`m ish haqi hisoblanib, noqonuniy o`zlashtirilgan.
Masalan, maktabgacha ta`lim tashkilotlari mas`ul xodimlari tomonidan haqiqatda ishlamaydigan yaqin qarindoshining nomiga 136,4 mln so`m hamda maktabgacha ta`lim bo`limida uslubchi, hisobchi va santexnik lavozimlarida ishlab kelayotgan 9 nafar shaxslar nomiga 279,4 mln so`m ish haqini qo`shib yozib, soxta to`lov qaydnomalarini tuzish orqali noqonuniy o`zlashtirgan.
- 2020-2021 yillarda davlat byudjeti mablag`lari hisobidan xodimlar uchun hisoblangan ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pullar olinib, soxta to`lov qaydnomalari orqali 1,6 mlrd so`m hamda hech qanday to`lov qaydnomalarisiz 3,1 mlrd so`m byudjet mablag`lari o`zlashtirilgan.
Bundan tashqari, byudjet tashkilotining xarajatlar smetasida xodimlarning ish haqi to`lovlari uchun rejalashtirilgan 529,1 mln so`m mablag`lar xodimlarning roziligisiz ularning ish haqlari hisobidan ushlanmagan holda gazeta va jurnallar obunasi uchun o`tkazib yuborilgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan mas`ullarga qonunchilikda belgilangan choralarni ko`rish hamda moliyaviy xato va kamchiliklarning kelgusida yo`l qo`yilmasligi yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta`limi va Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga ko`rsatma yuborildi.
Shuningdek o`rganish yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.
Qayd etish joizki, hisoblangan ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pullarning olish holatlari Hisob palatasining ko`rsatmasiga asosan 2022 yilda “UzASBO” dasturiy majmuasiga o`zgartirish kiritish orqali bartaraf etilgan.
Biroq, ayrim mas`ul shaxslar tomonidan byudjet mablag`larini noqonuniy sarflash va o`zlashtirish holatlari yangi shakl-shamoyillarda amalga oshirilmoqda.
Hisob palatasi bundan keyin ham byudjet mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan masofaviy va joyiga chiqqan holda nazorat ishlarini davom ettiradi.