Tadbirkorlik – bu tanlash erkinligi, yangi ko`nikmalar va o`zgargan tafakkur. O`z qo`lingiz bilan muvaffaqiyat eshigini ochish demakdir.
2021 yildan buyon yurtimizda 20 avgust – Tadbirkorlar kuni sifatida nishonlab kelinadi. Mazkur sana munosabati bilan joriy yilda ham Davlatimiz rahbarining O`zbekiston ishbilarmonlari bilan navbatdagi ochiq muloqoti o`tkazilishi kutilmoqda.
Do`stona va ishonch ruhini beruvchi ochiq muloqotdan katta natijalar kutilmoqda. U orqali tadbirkorlarni qiynab kelayotgan tizimli muammolarni aniqlash, ularni hal qilish yo`llarini topish va har tomonlama qo`llab-quvvatlash, yurtimizda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga erishish ko`zlanmoqda.
O`tgan 2 yillik davr ichida tadbirlarga tayyorgarlik doirasida tadbirkorlardan ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo`yicha 27 mingdan ortiq murojaat va takliflar kelib tushdi. Va ular yangi islohotlar dasturini shakllantirish hamda tadbirkorlik faoliyatida engilliklar yaratish imkonini berdi.
Yurtboshimizning navbatdagi uchinchi Ochiq muloqotiga ham jiddiy tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Joriy yilning 27 iyul kuni Toshkent shahar Olmazor tuman hokimligi majlislar zalida Biznes-ombudsman o`rinbosari Jamshid Urunov tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o`tkazildi.
Ochiq muloqotni o`tkazishdan maqsad tadbirkorlik sub`ektlarini qiynayotgan masalalar, ularning faoliyatini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo`yicha takliflarni muhokama qilishdan iborat.
Uchrashuv chog`ida tadbirkorlar o`zlarini qiziqtirgan muammo va takliflarni ilgari surishdi. Xususan, soliq, kadastr, qurilish, mehmonxona biznesi, dori vositalariga oid masalalar bo`yicha vakil devoni xodimlari tomonidan huquqiy tushuntirish berildi.
Ochiq muloqot tomonida ko`tarilgan masalalar Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan tahlil qilinib, Ochiq muloqotga kiritiladi.
Biznes-ombudsman: fakt va raqamlar
2023 yil 1-yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar:
2023 yil yanvar-iyun oylarida Biznes-ombudsmanga jami 4 414 ta murojaat kelib tushgan.
Biznes-ombudsmanga kelib tushgan asosiy masalalar:
-soliq 18 foiz,
-er, kadastr, arxitektura 14 foiz,
-bank, moliya va kredit 13 foiz,
-infratuzilma 8 foiz,
-sud va boshqa organ hujjatlarini ijro etishi 7 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portali orqali tadbirkorlardan 4 399 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarni ko`rib chiqish natijalariga ko`ra tadbirkorlar manfaatida sudlarga jami 24 mlrd so`mlik 74 ta da`vo arizasi kiritilgan bo`lib, buning natijasida tadbirkorlar foydasiga 12,9 mlrd so`m undirilishi belgilangan.
Murojaatlarini ko`rib chiqishda qonun buzilishi holatlariga yo`l qo`ygan mansabdor shaxslarga nisbatan 1 675 ta ta`sir choralari qo`llanildi. Tegishli idoralarga 81 ta taqdimnoma kiritildi.
O`tgan davr mobaynida Biznes-ombudsman devoni tomonidan shuningdek, ma`muriy huquqbuzarlikka oid 1 474 ta bayonnoma rasmiylashtirildi.






