Avvalroq, 2023-2024-o`quv yili davomida umumta`lim maktablarining pedagoglariga 50 va 20 foiz ustama to`lab beriladigan sertifikatlar ro`yxati tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi.
Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi ustama to`lanadigan ayrim xalqaro sertifikatlar ro`yxatdan olib tashlangani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, vakolatli tashkilotlar tomonidan ro`yxatdan chiqarilgan sertifikatlarni o`rganish natijasida quyidagilar aniqlangan:
-Sertifikatlarni berishda onlayn nazorat to`g`ri yo`lga qo`yilmaganligi, ya`ni bir shaxs o`rniga boshqasi kirib topshirib chiqish holatlari mavjudligi;
-Ba`zi sertifikatlarning haqqoniyligini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi;
-Sertifikatlarning haqqoniyligini tekshirilganda test topshiruvchining shaxsini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi;
-Ayrim sertifikatlarni berish uchun o`tkaziladigan test sinovlarida axborot xavfsizligi talablariga to`liq javob bermaganligi, test savollarining doimiy takrorlanishi.
Shunday bo`lsada, ro`yxatdan chiqarilgan sertifikat egalarining 1 avgustga qadar olgan sertifikatlari uchun sertifikat yakuniga etish muddatiga qadar ustama to`lovlari to`lab borilishi belgilandi.
"Shu bilan birga amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq APTIS for teachers, Linguaskill sertifikatlaridan yangi ishga qabul qilayotgan talabgorlarni ishga qabul qilish jarayonlarida foydalanilish imkoniyati saqlanib qolinayotganligini eslatib o`tmoqchimiz", deyiladi bayonotda.






