AsosiyJamiyat

Zoodpay platformasiga nisbatan ish qo`zg`atildi

'Zoodpay platformasiga nisbatan ish qo`zg`atildi'ning rasmi

Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi Zoodpay platformasiga nisbatan ish qo`zgatdi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Bunga ZZoodpay'ga egalik qiluvchi Orientswiss Tashkent qo`shma korxonasining 99,99 foiz ulushi monopoliyaga qarshi kurashuvchi organning roziligi olinmasdan Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyasiga sotilgani sabab bo`lgan.

Ushbu bitimni tuzish bo`yicha harakatlar amaldagi O`zbekiston Respublikasining “Raqobat to`g`risida”gi Qonunining 17 moddasi ikkinchi qismi talablariga zid holatda amalga oshirilgan.

Ya`ni ushbu moddaga muvofiq, quyidagi hollarda monopoliyaga qarshi organning shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo`jalik yurituvchi sub`ekt ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo`yicha bitimlarga oldindan roziligini olish zarur bo`ladi, agar:

bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko`rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) 50 foizidan ortig`ini tasarruf etish huquqini olsa;

bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizasiya qilishdan olingan jami tushum BHMning 100 000 baravari miqdoridan ortiq bo`lsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo`jalik yurituvchi sub`ekt bo`lsa.

O`rganish jarayonida ulushlari sotilayotgan “Orientswiss Tashkent” MChJ QKning aktivlarining balans qiymati hamda tovar aylanmasi BHMning 100 000 baravari miqdoridan ortiqligi aniqlandi.

Qo`mita tomonidan ushbu holat yuzasidan raqobat to`g`risidagi qonun hujjatlariga asosan qonun buzilishini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatma berildi hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksida belgilangan javobgarlikni qo`llash choralari ko`rilmoqda.

Shuni ta`kidlash lozimki, yangi “Raqobat to`g`risida”gi Qonuni raqamli platformalar faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi va Qo`mita raqobatni ta`minlash nuqtai nazaridan ularni tartibga solish vazifasini amalga oshiradi.

Bugungi kunda, Qo`mita tomonidan raqamli platformalarni tartibga solish mexanizmlari xalqaro tashkilotlar (Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki) ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda hamda yangi “Raqobat to`g`risida”gi Qonun kuchga kirishi bilan mazkur hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar