Sariosiyodagi 29-maktab direktori Umida Tursunova viloyat hokimi bilan janjallashgandan so`ng qamalgan edi. Keyinchalik Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri holatga munosabat bildirib, uni ma`muriy qamoq jazosidan ozod qilinganini va holat shaxsan uning nazorati ostida ekanini ma`lum qildi.
Bugun Oliy sud matbuot kotibi Jinoyat ishlari bo`yicha Uzun tuman sudining 2023 yil 26 iyuldagi qarori bilan U. Tursunova Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilganini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, maktab direktoriga Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huqubuzarlikni sodir etganlik uchun ma`muriy jazo qo`llash) 2-qismiga asosan 10 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2023 yil 28 iyuldagi qaroriga muvofiq U. Tursunovaga nisbatan jinoyat ishlari bo`yicha Uzun tuman sudi tomonidan 2023 yil 26 iyulda chiqarilgan qaror o`zgarishsiz qoldirilgan.
Sudlov hay`ati kassasiya instansiyasining 2023 yil 1 avgustdagi ajrimiga ko`ra, U. Tursunovaga nisbatan birinchi va apellyasiya instansiya sudlari chiqargan qarorlari o`zgartirilib, unga 7 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.
"Ma`lumot uchun: Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 324-25-moddasi (ishni kassasiya instansiyasi sudida takroran ko`rish) talabi bo`yicha kassasiya instansiyasi sudi ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni Oliy sud raisi, Bosh prokuror yoki ularning o`rinbosarlari kiritgan protestga ko`ra kassasiya tartibida takroran ko`radi. Ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni kassasiya tartibida takroran ko`rish haqidagi protest kassasiya instansiyasi sudining ajrimi chiqarilgan kundan e`tiboran olti oylik muddatda keltirilishi mumkin", deydi matbuot kotibi.






