“Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–860-son, 08.08.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga ko`ra, Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazuvchi sub`ektlar quyidagilardan iborat:
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
- Adliya vazirligi va uning hududiy bo`linmalari;
- normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiquvchilari bo`lgan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari;
- tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta`minlash o`z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazadi:
o`z tashabbusiga ko`ra – har qanday normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan o`rganish va tekshirishlar natijalari bo`yicha normativ-huquqiy hujjatning qo`llanilishi chog`ida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar fakti aniqlangan hollarda;
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga ko`ra.
Adliya vazirligi:
O`zbekiston Respublikasining qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining;
vazirliklar, davlat qo`mitalari va idoralarning davlat ro`yxatidan o`tkaziladigan buyruqlari hamda qarorlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini qonunchilikda belgilangan tartibda o`tkazishga haqli bo`lib, ushbu ekspertiza doirasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga doir takliflar va tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan o`tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish jarayonida ishtirok etishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- normalarning barqarorligi va huquqiy jihatdan muvofiqligi bilan bog`liq bo`lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bog`liq bo`lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- ma`muriy tartib-taomillar bilan bog`liq bo`lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- nazorat-tekshirish faoliyati bilan bog`liq bo`lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o`tkazish bo`yicha ekspertlar reestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi o`tkazilishi chog`ida ularga Adliya vazirligi bilan birgalikda uslubiy yordam ko`rsatadi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






