AsosiyJamiyat

Yig`ilishda 5 ta viloyatda ishlar to`g`ri tashkil qilinib, ijtimoiy soha ob`ektlarida quyosh panellari o`rnatish bo`yicha yillik reja bajarilgani aytildi

'Yig`ilishda 5 ta viloyatda ishlar to`g`ri tashkil qilinib, ijtimoiy soha ob`ektlarida quyosh panellari o`rnatish bo`yicha yillik reja bajarilgani aytildi'ning rasmi

Buxoroda prezident boshchiligida bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishi davom etmoqda. Yil boshidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish bo`yicha katta dastur boshlangan.

O`tgan davrda 430 megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirildi. Shuning o`zi yiliga 1,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu ijtimoiy soha ob`ektlari yillik iste`molining 60 foiziga teng.

Bugungi kunda ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob`ektlari hamda aholi xonadonlarida 250 megavatt quyosh panellari o`rnatildi.

Bu borada Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg`onada ishlar to`g`ri tashkil qilinib, ijtimoiy soha ob`ektlarida quyosh panellari o`rnatish bo`yicha yillik reja bajarildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy ob`ektlar va davlat idoralarida quyosh panellari o`rnatish O`rtachirchiqda atigi 5 foizni, Bo`ka tumanida 10 foiz, Bo`zatov va Piskentda 15 foiz, Nurota va Yangi hayot tumanlarida 20 foizni tashkil qildi.

2023 yil uchun reja qilingan tarmoq va transformatorlarni ta`mirlash ishlarini 1 avgustga qadar yakunlash bo`yicha topshiriq berilgan edi.

Lekin hududlardagi 1 ming 100 kilometr tarmoqlar va 402 ta transformatorni ta`mirlash ishlari haligacha yakunlanmagan.

Yig`ilishda energiya resurslari iste`molida tartib-intizom haligacha to`liq ta`minlanmagani tanqid qilindi.

O`tgan etti oyda hududlarda 160 million kilovatt soat elektr va 290 million kub metr gaz noqonuniy ishlatilib, tarmoq korxonalariga 355 milliard so`mlik zarar etkazilganligi aniqlangan.

Bu borada Bosh prokuratura va Energiya inspeksiyasi tizimiga katta vakolat va resurslar berilgani, lekin ular yo`qotishlarni oldini olish bilan emas, balki oqibati bilan kurashayotgani ko`rsatib o`tildi.

Tuman hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar va departament rahbarlari qaysi tumanda energiyani o`g`rilash davom etsa, noreal qarzdorlik oshib ketsa, elektr va gaz rahbarlariga qo`shilib javobgar bo`lishi haqida ogohlantirildi.

- Yana bir bor ta`kidlayman. Bir-ikki oydan so`ng kuz-qish mavsumi boshlanadi. Uni betalafot o`tkazish, energetika tizimining barqaror ishlashini ta`minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini kafolatli etkazib berish bo`yicha ishlarni hozirdanoq boshlash zarur, - dedi davlat rahbari.

    Boshqa yangiliklar