Chivinlar keltirib chiqaradigan virusli infeksiya tufayli dunyoga yangi pandemiya tahdid solmoqda. Bu haqda Zamon.uz xabar bermoqda.
Denge isitmasi — bu chivinlar keltirib chiqaradigan virusli infeksiya. Kasallik yuqori isitma, ko`ngil aynishi, toshma, bosh og`rig`i va bel og`rig`i bilan kechadi. U Nil isitmasi ham deb ataladi.
Ushbu kasallik uchun maxsus davolash mavjud emas. Bugungi kunda davolashning asosiy usuli faqat terapiya hisoblanadi. Infeksion holatlariga kelsak, ular asosan tropik va subtropik iqlimi bo`lgan hududlarda qayd etilgan.
Bangladeshda vaziyat jiddiy
Bangladeshda denge isitmasi tarqalishi davom etmoqda. So`nggi ikki sutka ichida 25 kishi denge isitmasidan vafot etdi. Bir qator tibbiyot muassasalarida infeksiyani aniqlash uchun etarli testlar mavjud emas.
Viruslar keng tarqalishiga global isish va yog`ingarchiliklar miqdori ortishi sabab bo`lmoqda. Bunday muhitda chivinlar yanada tezroq ko`payadi. Qolaversa, iqlim o`zgarishlari tufayli virus tashuvchi hasharotlar boshqa mintaqalarga uchib borishi kuzatilyapti.
Prognozlarga ko`ra, infeksiyalar soni yaqin 2 oy ichida eng yuqori cho`qqiga chiqadi. Yil boshidan beri Bangladeshda denge yuqtirganlarningsalkam yarmi poytaxt Dakkaga to`g`ri keladi.
Kasallikning ko`payishiga qarshi kurashish uchun sog`liqni saqlash boshqarmalari chivinlarning ko`payishini nazorat qilish va ularning lichinkalariga qarshi kurashni kuchaytirgan.
Professori Kabirul Bashar ham aprel oyida mussondan oldingi yomg`irlarda chivinlar ko`paya boshlagani va shahar bo`ylab keng tarqalayotganini ta`kidlagan. U shuningdek, avgust va sentyabr oylarida virus yanada avj olishini qo`shimcha qilgan.
Virus ko`p tarqalgan ikkinchi manzil — Hindiston
Bangladeshga qo`shni mamlakat — Hindistonda ham vaziyat jiddiy. Poytaxt Nyu-Dehlida denge isitmasi bilan kasallanish bir hafta ichida ikki baravarga oshib, kasallanish 105 kishida aniqlangan. Mutaxassislar bu kabi holat so`nggi 5 yil davomida kuzatilmaganini aytgan. Bemorlar asosan yuqori isitma, mushak og`rig`i va ko`ngil aynishidan shikoyat qilib, shifoxonalarga yotqizilmoqda.
JSST: bizda denge isitmasiga qarshi «sehrli tayoqcha» yo`q
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti denge isitmasiga qarshi vaksina hali yaratilmagani, biroq kasallikning oldini olish chorasi borligi haqida ma`lum qilgan.
«Denge isitmasi uchun yuqori texnologiyali echim yo`q. Vaksina — «sehrli tayoqcha» ham yaratilmagan. Ammo masalaga echim bor: hasharotlar ko`payadigan joylarni tozalash kerak. Biroq bu investisiya jalb etishni talab qiladi. Kasallik tarqalayotgan davlatlardagi qarovsiz hududlarda qashshoq aholi ko`p. Ular hujjatsiz. Aniq qilib aytganda, qashshoqlikka qarshi kurashish kerak», — deydi JSST dasturining ijrochi direktori Maykl Rayan.
Iqlim o`zgarishi sabab denge isitmasi keng tarqalmoqda
Bugungi kunda Amerikada 3 milliondan ortiq holat qayd etilgan. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, denge tashuvchisi, ya`ni chivinlarning tarqalish maydoni global isish tufayli doimiy ravishda o`sib bormoqda.
JSST tahliliga ko`ra, dunyo bo`yicha denge bezgagiga chalinish holati keyingi 19 yilda o`n barobar, ya`ni 505 mingtadan 5,2 milliontaga ko`paygan. Xususan, o`tgan yili birgina Lotin Amerikasida bu virusni yuqtirgan 2,8 million bemordan 1280 nafari hayotdan ko`z yumgani achinarli. O`sish tendensiyasi 2023 yilda ham davom etmoqda.
2010 yildan beri Evropa mintaqasida denge bezgagi bilan kasallanish holatlari qayd qilinyapti. Osiyoda ham shunday tendensiya mavjud.
Sudanda esa o`tgan yil iyul oyidan beri 8239 bemor kasallikka chalinib, ulardan 45 nafari vafot etdi. Xavotirlisi, katta ehtimol bilan bu «pandemiya tahdidi»ni keltirib chiqaradi.
Ushbu kasallikdan og`ir asoratlar va o`lim holatlari kam uchraydi. Xastalik tufayli hayotdan ko`z yumayotganlarning qariyb 70 foizi qandli diabet, gipertoniyaga chalingan va immuniteti zaif 60 yoshdan oshgan aholi qatlamidir.
20 foiz o`lim holatlari esa infeksiyani yuqtirgan chaqaloqlar tug`ilishi chog`ida sodir bo`lyapti.
JSST bunday viruslarga qarshi eng to`g`ri chora chivinlar chaqishidan himoyalanish, deb hisoblaydi. Bunda tanani to`liq berkituvchi ochiq rangli uzun kiyimlar, hasharotlarga qarshi to`rlar, kremlar va va boshqa vositalar tavsiya qilinadi.
O`z navbatida, olimlar ushbu infeksiyalarga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish harakatida.






