Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida 33 yoshli fuqaro vafot etdi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan poytaxt xududida o`ta og`ir turdagi jinoyatlarni sodir etgan uyushgan jinoiy guruhning jinoiy faoliyatini fosh etish bo`yicha Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (Odam o`g`irlash), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik) va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bezorilik) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida, tezkor-tergov harakatlari olib borilgan.
Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning 29 iyul kuni soat 22:00 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko`chasi “Birodarlar qabristoni” hiyoboni oldida 7-8 nafar shaxslardan iborat bo`lgan jinoiy guruh 1986 yilda tug`ilgan fuqaro M.R.ni urib-do`pposlagan. So`ng uni mashinaga majburlab o`tkazib, noma`lum xonadonga olib borib, unga nisbatan kuch ishlatgan holda pul talab qilgan.
Shuningdek, ular jabrlanuvchiga tazyiq o`tkazgan holda, Turkiyada bo`lgan noma`lum shaxslardan go`yoki 860 ming AQSh dollari miqdorda qarz olgani haqida majburlab tilxat yozdirib olgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, shu yilning iyun oyida ushbu jinoiy guruh a`zolari tomonidan tadbirkorlik bilan shug`ullanuvchi M.R.ni Turkiyada bo`lgan davrda 2 kun davomida erkiga zid ravishda noma`lum xonadonda majburlab ushlab turilgan. Ular jabrlanuvchiga tazyiq o`tkazish yo`li bilan ota-onasi nomidagi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 300 ming AQSh dollariga teng bo`lgan 2 ta hovlini jinoiy guruh a`zolari nomiga rasmiylashtirishga erishgan. Jabrlanuvchi shaxs ushbu jinoiy guruhning tajovuzlari va tazyiqlaridan qo`rqib, mazkur holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki tibbiyot muassasalarga murojaat qilmay kelgan.
Biroq joriy yilning 31 iyul kuni sog`lig`i yomonlashgani sababli, shifoxonaga “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o`ng yanoq suyagi sinishi, tanasida ko`plab shilingan jarohatlari” tashxisi bilan yotqizilgan.
O`tkazilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida mazkur uyushgan jinoiy guruh a`zolaridan 2 nafari, ya`ni 1990 yilda tug`ilgan U.D. (muqaddam Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) va 166-moddasi (Talonchilik) bilan sudlangan) hamda 1991 yilda tug`ilgan F.X. (muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 176-moddasi (Qalbaki pul yoki qimmatli qog`ozlar yasash, ularni o`tkazish) bilan sudlangan)lar aniqlanib, qo`lga olingan. Jinoiy guruhning qolgan a`zolarini aniqlash va ushlash choralari ko`rilmoqda.
Shu yilning 12 avgust kuni gumonlanuvchi U.D.ga nisbatan Jinoyat-prosessual kodeksning 224-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida u o`zini yomon his qilayotganini aytib, to`satdan yiqilib, hushini yo`qotgan. Holat bo`yicha tez-tibbiy yordam chaqirtirilib, IIO xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan. Ammo tez-tibbiy yordam kelgunga qadar U.D. hushiga kelmay, vafot etgan. Birlamchi tashxisga ko`ra, gumonlanuvchining o`limi “Jigar sirrozi og`ir stadiyasi, o`tkir yurak qon-tomir etishmovchiligi” oqibatida yuzaga kelgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tekshiruv o`tkazilmoqda. Shu bilan birga, U.D.ning o`limi sababini aniqlash bo`yicha tegishli sudga oid tibbiy-ekspertiza tayinlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarvatilayotgan surat va izohlarda iddao qilinishicha, yigit o`limidan avval qiynoqqa solingan bo`lishi mumkin.