Toshkentda qulagan ko`prik bo`yicha reportaj qilishga borgan jurnalist va operator kaltaklangi haqida xabar bergan edik.
O`zbekiston Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi holat bo`yicha rasmiy munosabat bilan chiqdi.
"Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, jurnalist o`z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog`ida, jurnalist tekshiruvi o`tkazish, mansabdor shaxs qabulida bo`lish, ma`lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqiga ega ekanligi qat`iy belgilab qo`yilgan.
Shuningdek, ushbu qonunning 14-moddasida hamda Ma`muriy va Jinoiy javobgarlik to`g`risidagi kodekslarda shaxsni haqorat qilganlik, qasddan engil shikast etkazganlik hamda mulkni qasddan nobud qilish yoki zarar etkazish uchun ham javobgarlik belgilangan.
Agentlik jurnalistik faoliyatga to`sqinlik qiluvchi va OAV xodimlariga nisbatan bo`ladigan har qanday tazyiqni keskin qoralaydi. Shunga ko`ra, Agentlik o`z vakolat doirasidan kelib chiqib, bo`lib o`tgan voqelikka huquqiy baho berish va adolatli qaror qabul qilishlarini so`rab Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturaga rasmiy murojaat yo`lladi.
AOKA huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jarayon o`rganilishi hamda xizmat tekshiruvlari natijalarini diqqat bilan kuzatib boradi va bu ishni nazoratga oladi.
Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura holatga huquqiy baho berishda qonunchilik normalariga zid xatti-harakatlarni amalga oshirgan shaxslarga nisbatan tegishli choralarni ko`radi",–deyiladi rasmiy munosabatda.






