«Oskar» mukofotiga sazovor bo`lgan birinchi ispan aktrisasi va modeli Penelopa Krus 1974 yili Ispaniyada tavallud topgan. 50 dan ortiq filmlarda suratga tushgan. «Viki Kristina Barselona», «Qaytish», «To`qqiz» kartinalardagi roli uchun «Oskar» va «Oltin globus» mukofotlariga nomzodi qo`yilgan.
1. «Kino san`ati menga bir muhim narsani o`rgatdi, vaziyat taqozo qilsa «yo`q» deyish kerak ekan».
2. «Har bir ayol egnidagi libosi bilan berkitilgan sirdir».
3. «Shou-biznesga kirib kelgan paytlarim, jurnalistlarning shaxsiy hayotimga aralashishlari yoqmas edi. Hatto ularga bir necha marta «shaxsiy hayotimning ishimga nima aloqasi bor», deb baqirganman xam. Lekin hozir ulg`aydim va bu o`yinning qoidalarini o`rgandim».
4. «11 yoshimda balet bilan shug`ullanardim. O`sha kezlar aktrisa bo`lish men uchun oyga uchishdek ushalmas orzu edi».
5. «Men uchun «Oskar» haykalchasi dunyodagi eng yaxshi o`yinchoq va ovunchoq. Uni u xonadan bu xonaga ko`chiraveraman. Muhim qaror qabul qilishdan oldin unga qarab o`ylanaman. Hatto, sohilga borganimda ham haykalchani qo`limdan qo`ymay olib borganman. Hamon uni qo`lga kiritganimga ishonmayman. Men uchun bu tush go`yo».
6. «Tug`ilgan kunimni nishonlashni unchalik ham xush ko`rmayman. Chunki ko`pchilik diqqat markazida bo`lganimda juda hayajonlanaman. Bir marta hayajondan bayram tortini puflayotib, sochimni kuydirib ham olganman».
7. «Sevimli aktrisam - Meril Strip. Men u o`ynagan barcha filmlarni bir necha martalab tomosha qilganman».
8. «Karib dengizida dam olishni judayam sevaman. U erda o`zimni xuddi vatanimdagidek his qilaman».
9. «Mazali taomlarni juda yaxshi ko`raman. Soat 18.00 dan keyin ovqat eyishdan o`zimni hech to`xtata olmadim».
10. «Menda ham, turmush o`rtog`imda ham hanuzgacha haydovchilik guvohnomasi yo`q. Shuni deb, ayrim muammolarga duch kelib yuramiz».
11. «Balki ishonmassiz, lekin ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifam yo`q. Men insonlar bir-biriga o`z qo`llari bilan qog`ozda xat yozgan kezlarni sog`inaman. O`sha paytlarning odami ekanligim shundan bo`lsa kerak».
12. «Farzandlarim haqida gapiraveraman. Hatto, ko`chadagi notanish insonlar bilan ham ular haqida so`zlasha olaman. Men uchun eng yaxshi mavzu bolalarimdir».





