Hukumat qarori bilan Davlat oliy ta`lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi.
Qarorga ko`ra:
- davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron ariza berish yo`li bilan amalga oshiriladi.
Bunda talabalarga navbatni onlayn kuzatish va to`lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
- talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to`lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikasiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn hisobga qo`yiladi.
2023/2024 o`quv yilida:
- 1-kurs talabalari uchun davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish davlat xizmati markazlari va my.gov.uz orqali bepul elektron ariza berish yo`li bilan amalga oshiriladi.
Arizalar 20 avgustdan qabul qilinadi.
- 2-kurs va undan yuqori kurs talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish an`anaviy tarzda amalga oshiriladi.
Bunda yotoqxonaga joylashish uchun ariza OTM talabalar turar joylariga joylashtirish komissiyasiga 2023 yil 25 avgustgacha topshiriladi.
2024/2025 o`quv yilidan barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshiriladi.
Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish har yili 1 avgustdan boshlanib, o`quv yili yakunigacha davom etadi.
Reglamentga muvofiq, ayrim toifadagi talabalar yotoqxonaga ustuvorlik asosida qabul qilinadi.
Shunga ko`ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun yo`llanma dastlab imtiyozli ro`yxat, so`ng umumiy ro`yxatdagi navbat bo`yicha avtomatik shakllantiriladi.
15.08.2023 15:46
Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish faqat DXM va my.gov.uz orqali amalga oshiriladi






