1

Teridagi dog` va chandiqlardan xalos bo`lishning zamonaviy usullari

Salomatlik 20.10.2016, 10:43
Teglar: Salomatlik, Go`zallik
Teridagi dog` va chandiqlardan xalos bo`lishning zamonaviy usullari

Tanamizning biror qismida kuyishdan qolgan dog`lar dam-badam o`sha ma`shum kunni eslatadi. Ular tufayli tashqi ko`rinishidan qoniqmay, o`ziga ishonchi pasayib borayotgan kishilar ham oramizda, afsuski, kam emas... Bugun zamonaviy tibbiyotda dog` va chandiqlarni bartaraf etishning bir qancha yo`llari topilgan bo`lib, ular haqida oliy toifali shifokor, dermato-kosmetolog  Javohir HOTAMOV ma`lumot beradi.

Nega chandiqlar kattalashadi?

Yuqori haroratda kuyish natijasida terida chandiq yoki izlar paydo bo`ladi. Teri ustki qavatining tuzilishi buzilsa-da, uning ostidagi mushaklar hamon o`z faoliyatini bajaraveradi. Teri ostidagi tomirlarda tinimsiz qon aylanishi terini ozuqaviy moddalar bilan oziqlantirib, to`yintirib boradi. Buning oqibatida esa chandiqning o`lchami kattalashib ketishi mumkin. Odatda hajmida kattalashayotgan chandiqlarni bo`yin atrofi, ko`krak qismi, elka, bo`yin va iyakda uchratish mumkin. Ammo kichik yoshdagi bolalarning tanasidagi har bir chandiq kattalashish xususiyatiga ega.

Mustaqil davolanish samaralimi?

Kuyish natijasida terida qolgan izlarni uy sharoitida davolash mumkin, lekin bu bilan chandiq butunlay tuzaladi deb o`ylash to`g`ri bo`lmaydi. Dorixona peshtaxtalarida chandiqlarga qarshi bir qancha surtmalarni topish mumkin. Belgilangan muddat davomida yo`riqnomaga to`liq amal qilib foydalinilganda umumiy holatning ko`pi bilan 15 % ga yaxshilanishiga erishish imkoni bor.

Jarrohlik amaliyoti

Umumiy anesteziya ta`sirida o`tkaziladigan jarrohlik amaliyoti yordamida husnga soya solib turgan izlardan bir umrga halos bo`lish imkoniyati mavjud. Xo`sh, tig` tegizish yordamida bajariladigan muolaja kimlarga tavsiya etiladi? Katta ko`lamda terining shikastlanishi, chandiqlarning o`sishi va harakatlanishga halal berishidan azoblanayotgan bemorlarga jarrohlik amaliyoti buyurilishi mumkin. Jarroh operasiya qilishdan avval chandiq va uning atrofidagi terini yaxshilab o`rganadi. Amaliyot chog`i chandiq to`qimalari olib tashlanib, kosmetik chok tushiriladi. Natijada, katta chandiq o`rnida sezilar-sezilmas chok izi qoladi. Biroq bunday natijani ko`rish uchun biroz sabr qilishga to`g`ri keladi. Ungacha esa ko`pi bilan olti oy davomida shifokor buyurgan malhamlarni chok ustiga surtib yurish tavsiya etiladi.

Taxminiy narxi: jarohatning kattaligi va teri qavatida joylashgan chuqurligiga qarab belgilanadi.

Lazer yordamida  silliqlash

Kosmetolog shifokor lazer nurini taratuvchi asbob yordamida chandiq to`qimalarini qavatma-qavat olib tashlaydi. Muolaja so`ngida yoqimsiz iz o`rnida yangi va sog`lom teri paydo bo`ladi. Muolajani boshlashdan avval terining shikastlangan qismiga og`riq qoldiruvchi dori yuborilgani bois bemorlar bezovtalanmaydi. Lazer nuri yordamida silliqlashdan keyin terida qizarish, shish va og`riq sezilishi mumkin. Aslo tashvishlanmang, bu belgilar 10 kun ichida yo`qoladi. Muolaja necha seansda o`tkazilishini esa shifokor belgilaydi. Amaliyotdan so`ng yangi teri yallig`lanishini oldini oladigan va qon aylanishini yaxshilaydigan bir qancha dorilar tavsiya etilishi mumkin.

Taxminiy narxi: jarohatning kattaligi va teri qavatida joylashgan chuqurligiga qarab belgilanadi.

Mikrodermabraziya va kimyoviy piling

Lazerli silliqlashga o`xshash muolaja bo`lib, teriga kamroq shikast etkaziladi. Chunki bunda chandiqqa qarshi lazer nuri emas, balki  alyuminiy oksidining kukuni kurashadi. Kimyoviy pilingda esa bir qancha kiyoviy kislotalar (glikol, retinol va fenol)dan foydalanib, teriga ishlov beriladi. Odatda bu ikki muolaja chuqur bo`lmagan chandiqlarga nisbatan qo`llaniladi. Kimyoviy moddalar ta`sirida terining ustki qismi ko`chib tushadi, o`rniga esa yangisi chiqadi.

Krioterapiya

Kuyishdan qolgan dog`larni ketkazishning eng og`riqsiz usuli. Krioterapiya muolajasida suyuq azotdan foydalaniladi.  U chandiq to`qimalariga tekkan zahoti ularni kuydirib tashlaydi. Bu texnologiya kuygandan so`ng ko`p vaqt o`tmay bajarilsa, natijasi kutilgandan ham a`lo darajada bo`ladi.

Ba`zan shifokorlar tavsiyasiga ko`ra chandiqdan butunlay va tez xalos bo`lish uchun yuqorida tavsif berilgan muolajalarning bir nechtasini birgalikda olib borish buyurilishi mumkin. Nima bo`lganda ham zamonaviy tibbiyotga chandiqlar muammo emasligini bilib oldik.

 Dilnoza Shuhrat qizi 

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
"Go`zallikning kelib chiqishi" loyihasi inson go`zalligi har xil bo`lishi mumkinligini ko`rsatdi(foto)

03.12.2020, 19:22

Insoniyatning etnik xilma-xilligini o`rganish uchun "Go`zallikning kelib chiqishi" nomli loyiha tashkil etildi. Millatlar go`zalliklari o`rtasidagi tafovutni namoyon etish uchun turli mamlakat vakillari suratga tushirilmoqda.Loyihada 18 yoshdan...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1