Bloger Shahnoza Soatova o`z sahifasiga qo`shxotinlik haqida post joylab, uni targ`ib qilganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi kerakligini aytdi.
"Ilgari ko`pxotinlilik haqida “O`tgan kunlar” kinosidan bilardik. Shunda ham fojia deb ko`rsatilgan edi",–deydi bloger so`zi avvalida.
Shahnoza Soatova avval ko`pxotinlik gapirilmasligi, gapirilganda ham murakkab, chigal va fojiali taqdir deb ko`rsatilganini aytib, bunday fojiaga qarshi “Mahallada duv duv gap”, “Maftuningman”, “Yor-yor”, “Sevishganlar”, “Chinor ostidagi duel” kabi ijobiy na`munalar keltirilganini eslatib o`tgan.
"Hammasida yagona sevgilisi bilan baxtli, muhabbatli, uzoq yillar bir-biriga suyanib qo`sha qarigan ota-onalar, ilg`or ayollar bor edi.
Lekin hozir bo`laetgan agressiv mediatarg`ibotga negadir hech kim, ayniqsa, mas`ullar indamayapti. Televizorning qaysi kanaliga olsang, qo`shxotinlik haqida serial. Instagram, yutub ham to`lgan shu mavzuga. Million auditoriyaga ega blogerlar omma oldida eriga ikkinchi xotin sovg`a qilyapti", deydi bloger.
Eslatib o`tamiz avvalroq Instabloger “Chechenka” eriga ikkinchi xotin sovg`a qilib, qo`shxotinlikni targ`ib qilgan videosi tarqalgan edi. Video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lgach, bloger uzr so`rab chiqqan.
Shahnoza Soatovaning aytishicha, “internet domlalar”ning kontentlari, ma`ruzalarida ham faqat shu xotinlar, ularning kiyimi, avrat, zino, birbalolar. Muhabbat, sevgiga sadoqat, oilani asrash, er-xotin bir-birini hurmat qilishi, qiyinchiliklarni birgalikda engishi haqida juda kam gapirilyapti.
Go`yo bizda oilaviy qadriyatlar o`zgarib ketgandek. Hamma atrofda xotin ustiga xotin olyapti-yu, bu ijtimoiy normaga aylanib bo`lgandek... Faqat xotinlar o`rtasida adolat qilsa bo`ldimish.
Aslida unaqa emas. Ota-onalarimiz, buvi-bobolarimiz bir-birlariga sadoqat bilan birgalikda yaxshi-yomon kunlarni yashab, oila qo`rg`onini qurishgan. Hozir ham aksar oilalar tirikchilik tashvishida, er-xotin birgalikda ro`zg`or yukini ko`tarib farzandlarni oyoqqa qo`yishyapti.
Lekin media, ijtimoiy tarmoqlar jamiyatda axloq normalarini emas, ayrimlar ko`rishni-eshitishni istayotgan narsalarni ko`rsatyapti — auditoriya talabi, atrofda bo`layotgan hayotiy holat emish! — dedi u.
Shahnoza Soatova bu hayotiy holat emas, jinoyatga targ`ibot ekani va bunga chek qo`yish kerakligini aytdi.
Hatto mashina salonlar qo`shxotinlik orqali reklama qilyapti. Bundan bir necha yillar avval reklamachilar bu mavzuga teginishga jur`ati etmasdi. Nari borsa qaynona-kelin mavzusida reklama qilishardi. Bizning mediamiz va reklama bozorimiz oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish o`rniga to`rt so`m pul topib “dindor” rejimini yoqvogan “tadbirkor”larning nafsi uchun ishlayapti. Puli borlar yoqtirib ko`rsa, orasida reklamasini o`tkazsa bo`ldi, — deydi bloger.
Uning ta`kidlashicha, ko`pxotinlikning asosiy xavflaridan biri bu jamiyatning axloqiy negizlarini emirishi hisoblanadi. Ushbu jinoyat oilaga qarshi jinoyat jumlasiga kiradi. Shu bois uni targ`ib qilganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi kerak.
Qonunga qarshi targ`ibot qilayotganlarga chora ko`rishmaydimi? Konstitusiyamizda dunyoviy davlat deb yozib qo`yilgan-ku. Nimaga konstitusiyada belgilangan tuzum va yo`nalishga qarshi boruvchi targ`ibotga chora ko`rilmaydi?” — dedi Shahnoza Soatova.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasiga ko`ra, ko`pxotinlilik quyidagi jazo turlariga sabab bo`lishi mumkin:
- asosiy hisob-kitob birligining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi, bu esa 16,5 million so`mdan 33 million so`mga to`g`ri keladi.
- Uch yilgacha axloq tuzatish ishlari.
- Bir yildan uch yilgacha bo`lgan muddatga ozodlikni cheklash.
- Uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.