Ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryo viloyati tug`uruqxonasi”da jarrohlik amaliyoti vaqtida homilador ayol vafot etgani, shundan so`ng uning yaqinlari norozi bo`lib, janjal qilishgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rasmiy ma`lumot berdi.
Ma`lumotga ko`ra, holat viloyat perinatal markazida joriy yilning 12 avgust kuni ro`y bergan.
Marhuma T.O. 2004 yilda tug`ilgan. Qarshi tumanida yashagan. Homiladorlik davrida yashash hududidagi oilaviy shifokorlik punktida “Homiladorlik 1. Egizak homila.” tashxisi bilan nazoratga olingan. Zarur bo`lgan barcha klinik va laborator tekshiruvlardan o`tkazilgan. Doimiy ravishda akusher-ginekolog va oilaviy shifokor nazoratida kuzatilib, uyda patronaj o`tkazib borilgan.
T.O. homiladorlik davomida “Homilaning tushish xavfi” bo`yicha viloyat perinatal markazida 2 marta stasionar sharoitda yotib, (oxirgi marta iyun oyida) davolanib chiqqan. Shifokorlar xulosasiga ko`ra unda homiladorlik va tug`ishga qarshi ko`rsatma bo`lmagan.
Viloyat perinatal markazi homiladorlar patologiyasi bo`limiga 2023 yil 31 iyul kuni soat 22:35 da “Homiladorlik 1. 35 hafta. Egizak homila. Erta tug`ish xavfi” tashxisi bilan yotqizilgan. 4 avgustda birinchi chaqalog`ini o`zi tabiiy tuqqan. Chaqaloq tirik, jinsi o`g`il, vazni 2000 gramm. Ikkinchi chaqaloq homila ona qornida ko`ndalang joylashib, tug`ruq yo`llari yopilib qolganligi sababli kesar kesish operasiyasi yo`li bilan olingan. Chaqaloq tirik, jinsi o`g`il, vazni 2800 gramm.
Operasiyadan keyingi davrda standartlar asosida davolash tadbirlari o`tkazilgan. 11 avgust kuni sanaviasiya xizmati orqali xirurg shifokor chaqirtirilib, vrachlar konsiliumi o`tkazilgan va “Kesar kesish operasiyasidan keyingi 7-sutka. Metroendometrit. Peritonit. Kamqonlik o`rta og`ir darajasi” tashxisi qo`yilgan. Chaqirtirilgan xirurg shifokor yordamida soat 12:00da qayta operasiya-relaparotomiya qilingan. Qayta operasiyada-total gisterektomiya, qorin bo`shlig`i sanasiyasi va naylash o`tkazilgan.
Viloyat perinatal markazida jadal davolash tadbirlari o`tkazilib borilgan, lekin 12 avgust kuni soat 19:00da ayolning ahvoli to`satdan og`irlashgan, o`tkazilgan reanimasion davo tadbirlariga qaramasdan 2023 yil 12 avgust kuni 19:30 da biologik o`lim sodir bo`lgan. O`limdan keyingi tashxis: “Relaparotomiyadan keyingi holat. Endotoksikoz. O`pka arteriyasi tromboemboliyasi. Kamqonlik o`rta og`ir darajasi. O`tkir yurak-qon tomir va nafas etishmovchiligining og`ir darajasi”.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq, Toshkent viloyatida ham egizak farzandlarni dunyoga keltirgan ayol tug`uruqdan so`ng vafot etgan edi.






