Vazirlar Mahkamasining qarori bilan "Bojxona chegarasi orqali o`tkazish punktlarida ikki yo`lakli tizimni qo`llash tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaroriga bojxona ma`murchiligini soddalashtirishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Ma`lumki, xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo`nalishida "masofaviy bojxona nazorati" (maxsus ajratilgan joylarda vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali) tizimi joriy etilgan.
Shu munosabat bilan endilikda xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo`nalishida ikki yo`lakli (yashil va qizil) tizim tugatildi.
Xalqaro aeroportlarining uchib ketish yo`nalishida jismoniy shaxslarning bojxona deklarasiyasini rasmiylashtirish va ularga bojxona qonunchiligi bo`yicha tushuntirishlar berish uchun yo`lovchilar harakatiga ta`sir qilmaydigan alohida bojxona rasmiylashtiruvi joyi tashkil etiladi.
Bojxona rasmiylashtiruvi joyi davlat tilida, rus va ingliz tillarida “Bojxona”, “Tamojnya” va “Customs” yozuvlari bo`lgan maxsus grafik belgi bilan belgilanadi.
Ma`lumot uchun, masofaviy bojxona nazorati — xalqaro aeroportlar orqali uchib ketayotgan yo`lovchilarni maxsus ajratilgan joylarda xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda tanlab olish tamoyili asosida hamda masofaviy vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o`tkazishni ta`minlaydigan tizim.
Qaror bilan O`zbekiston xalqaro aeroportlarining uchib ketish joyidagi masofaviy bojxona nazorati tizimiga qo`yiladigan talablar belgilab olindi.






