AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini yana ro`yxatdan o`tkazmadi

'Adliya vazirligi “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini yana ro`yxatdan o`tkazmadi'ning rasmi

Adliya vazirligining ma`lum qilishicha, 2023 yil 14 va 17 iyul kunlari “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasini davlat ro`yxatidan o`tkazish haqidagi takroriy arizalari va fuqarolarning imzolari kelib tushgan.

Ariza va taqdim etilgan hujjatlarni ko`rib chiqish natijasiga ko`ra, partiyani quyidagi asoslar bo`yicha ro`yxatga olishni rad etish to`g`risida qaror qabul qilingan.

Qayd etilishicha “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko`ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog`iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo`lgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi bo`lishi talab etiladi.

Biroq, vazirlikka 2023 yil 14 iyulda taqdim etilgan arizaga ilova qilingan ro`yxatda 9 828 ta fuqarolar imzolari mavjud bo`lib, hujjatlarni o`rganish jarayonida partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolar ro`yxatiga quyidagilar kiritilganligi ma`lum bo`lgan:

– siyosiy partiya ta`sis konferensiyasi o`tkazilgungacha vafot etgan 10 nafar shaxs;

– 13 nafar voyaga etmagan shaxs;

– mahallalarni asfaltlash, kommunikasiya tizimlarini yangilashga mablag` olish maqsadida “Ochiq budjet” loyihasiga ovoz berish uchun deb xato imzo qo`ygan va keyinchalik ushbu imzolarini qaytarib olgan 1 157 nafar shaxs;

– shaxsga doir ma`lumotlar mavjud emasligi sababli shaxsi aniqlanmagan 1 190 nafar shaxs;

– imzolari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan elektron shaklda olingan 5 816 nafar shaxs;

Ma`lumot uchun. Ushbu elektron shaklda olingan imzolardan mingdan ortiq imzosi vazirlikka muqaddam taqdim etilgan imzolar ro`yxatida mavjudligi ma`lum bo`ldi;

– partiya tuzish uchun xohish bildirmagan va hech qanday imzo qo`ymagan 359 nafar shaxs;

– sud tartibida muomalaga layoqasiz deb topilgan 22 nafar shaxs;

– O`zbekistonda yashamayotgan 137 nafar shaxs;

– 2023 yil 15 mayda vazirlikka partiyani ro`yxatdan o`tkazish uchun taqdim etilgan imzolar ro`yxatida mavjud bo`lgan 46 nafar shaxs (takroriy).

"Shuningdek, 2023 yil 17 iyuldagi 1 388 ta fuqarolar imzolari “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasi tashkiliy qo`mitasining 3 oylik faoliyat ko`rsatish muddati tugaganidan keyin taqdim etilgan.

Joriy yilning 16 aprelida tashkil etilgan partiyaning tashkiliy qo`mitasi tomonidan uning faoliyat ko`rsatish muddati davomida vazirlikka taqdim etilgan imzosi qonunchilikka muvofiq va o`z xohishi bilan partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolarning jami imzolari soni 2 517 tani tashkil etdi.

“Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonunning 9-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyani ro`yxatga olishni rad etish ustidan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin", deyiladi xabarda.

 

    Boshqa yangiliklar