Shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun Toshkent metropolitenining oxirgi va serqatnov bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etish rejalashtirilgan. Bu haqda prezident huzurida mas`ullar Ishtirokida o`tkazilgan loyihalar taqdimotida ma`lum qilindi.
Maqsad – odamlar shaxsiy avtomobilini shu erda qoldirib, shahar ichkarisiga jamoat transportida borishiga sharoit yaratish.
Shuningdek, taqdimot davomida mamlakatimizda energetika quvvatlarini oshirish masalasiga e`tibor qaratildi. Jumladan, poytaxtimizda elektr energiyasi tarmoqlarining favqulodda holatlarga bardoshliligini mustahkamlash hamda muqobil energiya manbalarini integrasiya qilish choralari ko`rilmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya tarmog`ida jami quvvati 13 ming 777 megavattlik 33 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi infratuzilmasini takomillashtirish va ob-havo sharoitlariga chidamliligini oshirish, zaxira quvvatlar hosil qilish, iste`molni aqlli boshqarish bo`yicha ish olib borilmoqda.
Taqdimotda Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish ko`rsatkichlari va rejalari to`g`risida ham axborot berildi.
Bugungi kunda poytaxtimiz iqtisodiyotining 34 foizdan ziyodi sanoat hissasiga to`g`ri keladi. O`tgan yili 110 trillion so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Ayniqsa, oziq-ovqat, metallurgiya, to`qimachilik tarmoqlarida o`sish yuqori bo`lgan.
Bu sohadagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida “Yangihayot” industrial texnoparkini klaster tizimiga o`tkazish taklifi bildirildi. Uning maydoni 500 gektar bo`lishi, 810 ta korxona joylashtirilishi va 100 mingta ish o`rni yaratilishi mo`ljallangan. Klaster tizimi yo`lga qo`yilishi natijasida ishlab chiqarish sifati oshib, transport xarajatlari va tannarxni kamaytirishga erishiladi.






