Oliy ta`lim vazirligi poytaxtda 48,9 ming talabaning turar joyga ehtiyoji mavjudligi, ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashayotganini ma`lum qildi. Shuningdek, yotoqxonadan joy berilmagan, poytaxtda uyi, yaqin qarindoshi bo`lmagan va ijara uyi ham aniq bo`lmagan 25 ming talaba bor.
Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi hozirgi kunda Toshkent shahrida 48 ming 976 nafar talabaning turar joyga ehtiyoji mavjudligi va ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga to`g`ri kelayotganini ma`lum qildi.
Vazirlik ma`lumotlariga ko`ra, 2023 yil 1 iyul holatiga 4702 o`rinli 12 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan. Ayni paytda 24 394 o`rinli 51 ta talabalar turar joyini qurish ishlari davom etmoqda.
Yangi o`quv yili boshlanishigacha respublika bo`yicha jami 6400 o`rinli 11 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shundan Toshkent shahri talabalar shaharchasi hududida jami 3 ta 1800 o`rinli (O`zbekiston milliy universiteti uchun 1 ta 400 o`rinli, Toshkent davlat texnika universiteti uchun 1 ta 800 o`rinli hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi uchun 1 ta 600 o`rinli) talabalar turar joyida qurilish, ta`mirlash ishlari to`liq yakunlanadi.
Prezidentning 2023 yil 28 fevraldagi farmoniga muvofiq, yil yakunigacha davlat dasturida belgilangan 18 ming o`rinli talabalar turar joylari ham to`liq qurib bitkazilishi aytilgan.
«Hozirda Toshkentda 48 976 nafar talabaning (30 foiz) turar joyiga ehtiyoj mavjud bo`lib, ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga to`g`ri keladi. Tyutorlar (oliy ta`lim muassasalarida talabalar guruhlariga biriktirilgan mas`ul xodim) orqali bu talabalar bilan suhbatlashilganda 23 774 nafar talaba (2, 3, 4-kurslar) Toshkent shahrida ijara xonadoni mavjud ekanini ma`lum qilgan. Ya`ni ularning aksariyati avvaldan yashab kelayotgan ijara uylarini saqlab qolishgan yoki oldindan ijara uylarini band qilib qo`yishgan», — deyiladi vazirlik xabarida.
Shu holatda ijara xonadonlariga joylashishga ehtiyoji bo`lgan, yotoqxonadan joy berilmagan, o`z uyi, yaqin qarindoshi mavjud bo`lmagan va ijara xonadoni ham aniq bo`lmagan talabalar 25 202 nafarni tashkil etmoqda.
Qayd etilishicha, ana shu tahlillardan kelib chiqib, oliy ta`lim muassasalarida barcha tyutorlarni to`liq jalb qilgan holda mahalla raislari bilan hamkorlikda bo`sh turgan ijara xonadonlar aniqlangan. Uy egalari bilan birma-bir suhbatdan keyin jami 8438 ta ijara xonadonining manzilli ro`yxatlari shakllantirilgan.
«Hisob-kitoblarga ko`ra, mazkur xonadonlarga 24 254 nafar talabani joylashtirish imkoni mavjud. Ayni paytda qolgan 948 nafar talabaga qo`shimcha ijara uylarini topish ishlari davom etmoqda», — deya qayd etgan vazirlik.
Shuningdek, Toshkent shahri hokimligi bilan hamkorlikda bo`sh turgan ijara xonadonlarining ta`mirlanishi va jihozlanishi ko`zda tutilgan. Hozirda bo`sh turgan ijara xonadonlari to`g`risidagi manzilli ro`yxat barcha talabalarga etkazilmoqda. Ularga joylashgan talabalarga ijara to`lovining bir qismini qoplab berish ishlari amaldagi tartib asosida davom ettiriladi.
Bunda talabalarga oylik ijara to`lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat`i nazar, Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming so`m), qolgan hududlarda bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (165 ming so`m) miqdorida to`lanadi.
Shu tartibda yangi o`quv yilida talabalarni ta`mirlangan va bo`sh turgan ijara xonadonlariga joylashtirish ishlari tashkil etiladi va kirish imtihonlari yakunlanishi bilan, ya`ni 20 avgust kunlari talabalar qaerda yashashi mumkinligi haqida aniq ma`lumotga ega bo`lishi ta`minlanadi.
Bugungi kunda talabalar turar joyi bilan to`liq ta`minlash imkoniyati bo`lmagan oliy ta`lim muassasalari mas`ullari tomonidan yangi topilgan ijara uylari (ro`yxat bo`yicha taxminiy tanlov asosida) hamda ijara uylari haqidagi ma`lumotlar (manzili, xonadon egasining ism-sharifi, telefoni, ijara uyining narxi ko`rsatilgan holda) e`lon qilingan infokiosklar tashkil etilgan.






