Hukumat qarori bilan Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari bo`yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga o`quvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar bermoqda
Nizomga ko`ra, sport maktabida o`quvchi-sportchilar kontingenti, ularning vazn toifalarini hisobga olgan holda, 60 nafardan iborat hamda ta`lim olish muddati o`quvchi-sportchi O`zbekiston terma jamoasining asosiy (yoki zaxira) tarkibida bo`lgan davr mobaynida davom etadi.
Sport maktabiga 18 yosh va undan katta sportchilar qabul qilinadi.
O`quvchi-sportchilarni sifatli tanlab olishni ta`minlash maqsadida sport maktabida qabul o`rinlari bo`shagan kundan 1 oy muddatda tanlov va uni o`tkazish shartlari to`g`risida e`lon beriladi.
Nomzodlarga quyidagi minimal talablar qo`yiladi:
- sport ustaligiga nomzoddan past bo`lmagan sport toifasining mavjudligi;
- kurashning tegishli yosh guruhlari va uslublari bo`yicha sportchilar o`rtasida O`zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarida egallangan sovrinli o`rinlar (1–3-o`rin) mavjudligi.
Sport maktabiga o`qishga kirishda nomzodlar 100 balli tizim bo`yicha baholanadi, shundan 30 ball umumiy jismoniy tayyorgarlikka va 70 ball maxsus jismoniy tayyorgarlikka ajratiladi.
17.08.2023 11:54
Sport kurashlari bo`yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga o`quvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi belgilandi






