AsosiyJamiyat

Xalq deputatlari kengashlarining aksariyati Prezident farmonini bajarmagan

'Xalq deputatlari kengashlarining aksariyati Prezident farmonini bajarmagan'ning rasmi

Prezidentning 2021 yil 16 iyundagi Farmoni bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, Internet tarmog`i orqali jonli efirga uzatishni ta`minlash belgilangan.

Shunga ko`ra, mazkur tartibning mahalliy kengashlar tomonidan 2023 yil birinchi yarim yilligida ijro etilishi holati tahlil qilindi. Bu haqda zamon.uz yozdi.

O`rganish davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarning haqqoniyligi, ya`ni Kengash sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno) muhokamasiga kiritilgan kun tartibidagi har bir masala hamda uzluksiz jonli efirga uzatilish holatlariga alohida e`tibor qaratildi.

Bunda sessiyalar to`g`risida e`lon qilingan qisqa xabarlar yoki foto va videoreportajlar farmon talablari ijrosini ta`minlamaganlik sifatida baholandi.

Shuningdek, masofaviy monitoring tartibida translyasiyalarning sifati va to`liqligi o`rganildi.

Aniqlanishicha, 2023 yil 6 oy davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan jami 102 ta sessiya o`tkazilgan. Ulardan 40, ya`ni 39 foizi mahalliy telekanallar yoki Internet tarmog`i orqali jonli efirga uzatilgan.

Misol uchun, xalq deputatlari Xorazm, Jizzax, Namangan, Farg`ona viloyati va Toshkent shahar kengashlari tomonidan 2023 yil 6 oy davomida o`tkazilgan birorta sessiya jonli efirga uzatilmagan.

O`rganish davomida jonli efirga uzatilmagan sessiyalar aksariyati viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida (facebook, instagram, telegram) xabar va yangilik sifatida e`lon qilib kelinganligi ma`lum bo`ldi.

Shuningdek, o`rganish davomida xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari sessiyalarining jonli efirga uzatilishi holati ham tahlil qilindi.

Aniqlanishicha, 2023 yil birinchi yarim yilligida xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari tomonidan Respublika bo`yicha jami 1676 ta sessiya o`tkazilgan bo`lib, ulardan 405 tasi, ya`ni 24 foizi mahalliy telekanallar yoki Internet tarmog`i orqali jonli efirga uzatilgan.

Jonli efirga uzatilmagan aksariyat sessiyalarni tuman (shahar) hokimligi rasmiy veb-sayt yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda (facebook, instagram, telegram) xabar va yangiliklar shaklida e`lon qilish bilan kifoyalangan.

    Boshqa yangiliklar