Ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining gastroenterologiya bo`limi xonalarida suvaraklar yurgani aks etgan video tarqaldi.
Holat yuzasidan viloyat SSB ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 15 avgust kuni viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi gastroenterologiya bo`limida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmasi mas`ullari bilan hamkorlikda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari amalga oshirildi.
Mazkur holat markaz xodimlarining navbatdan tashqari umumiy yig`ilishida muhokama qilinib, bo`limlarda sanitariya qoidalari asosida ish yuritish borasida nazoratni kuchaytirish bo`yicha zarur choralar belgilandi.
O`z vazifalariga mas`uliyatsizlik bilan yondashganligi va nazoratni susaytirganligi uchun gastroenterologiya bo`limi boshlig`i, katta hamshirasi va xo`jalik bekasi egallab turgan lavozimidan ozod etildi.






