Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Dang`ara tuman yo`llardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida 2023 yil 24 iyul kuni (“B-sinfiga oid bo`lgan 10 tonna asfaltobeton aralashmasi xarid qilish” bo`yicha) o`tkazilgan 6,0 mlrd so`mlik davlat xaridida qator qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`yilganligi aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, ushbu xaridda ishtirok etib, g`olib bo`lgan talabgorning hujjatlari xarid komissiyasi raisi va a`zolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.
Natijada O`zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to`qnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog`liq tartib-taomillarni tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablari buzilgan.
Mazkur holatlar bo`yicha 2023 yil 1 avgust kuni (bayonnoma tasdiqlangan kunning o`zida) xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to`g`risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va to`plangan hujjatlar qonuniy chora ko`rish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.
Agentlikning taqdimnomasiga binoan Dang`ara tuman yo`llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 8 avgust kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.