“Uzbekistan Airports” kompaniyasi "Toshkent-3" mahalliy aviaqatnovlar terminali oldidagi maydonni rekonstruksiya qilishni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Loyihaga ko`ra, avtotransport vositalarining terminal oldiga kirishi soddalashtiriladi. Shunday qilib, uchta alohida yo`lak ajratiladi: aeroportning rasmiy taksilari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar, shuningdek, hududga 5 daqiqagacha kirishga ruxsat berilgan barcha avtomobillar uchun. Avtomobillarning odamlarni kutib olish va kuzatish yo`lagi xalqaro aviaqatnovlar terminalidagi yo`l o`tkazgich (estakada) tamoyili asosida ishlaydi. Avtomobilning yo`lakda turish vaqti 5 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, o`rnatilgan va YHXB bilan integrasiyalashgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarimalar yuboradi.
Vokzal maydonini rekonstruksiya qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 17 apreldagi 159-sonli “Aeroportlar, temir yo`l va avtovokzallarda xizmat ko`rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Rekonstruksiya ishlarini joriy yilning avgust oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, 2024 yilning 1 yanvariga qadar O`zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ham terminal atrofi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.






