Tolibon Afg`onistondagi barcha siyosiy partiyalarning faoliyatini shariatga zid ekanini aytib, ularning faoliyatini taqiqladi. Bu haqda Tolibon adliya vaziri Abdul Hakim Sharaiy Kobuldagi matbuot anjumanida taqiq haqida ma`lum qildi.
“Mamlakatda siyosiy partiyalar faoliyatida shariat asoslari yo`q. Ular milliy manfaatlarga xizmat qilmaydi, xalq ularni qadrlamaydi”, - deydi Abdul Hakim Sharaiy.
70 dan ortiq yirik va kichik siyosiy partiyalar Afg`oniston Adliya vazirligida ikki yil avval, toliblar mamlakat ustidan nazoratni qayta tiklagunga qadar ro`yxatga olingan edi.
Ayni paytda BMTning Afg`onistonga yordam ko`rsatish missiyasi o`tgan o`n kun ichida mamlakatning olti viloyatida Tolibon tomonidan jurnalistlar hibsga olinganini eslatdi. Missiya rasmiylarning so`z erkinligi huquqini hurmat qilish majburiyatini ta`kidladi.
Afg`oniston “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi reytingida 180 mamlakat ichida 152-o`rinni egalladi.






