O`zbekistonda joylashgan Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan o`tkazilayotgan info-tur doirasida ushbu mamlakatda bo`lib turgan Darakchi.uz muxbiri Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Xalqaro munosabatlar tahlili markazi hay`ati raisi Farid Shafiev bilan uchrashdi.
O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan OAV xodimlari bilan uchrashgan Farid Shafiev Qorabog`dagi ayni vaqtdagi vaziyat haqida gapirib berdi. Xususan, markaz rahbari mintaqada to`liq tinchlik o`rnatish uchun olib borilayotgan ishlarga to`xtaldi.
Integrasiya
Ayni vaqtda Qorabog`da istiqomat qilayotgan arman millatiga mansub aholini Ozarbayjon xalqiga integrasiya qilish chora-tadbirlari olib borilmoqda. Buning uchun ularga etarlicha imkoniyat yaratilgan. Ularning xavfsizligi kafolatlanadi, pensiya va boshqa to`lovlar o`z vaqtida amalga oshiriladi, Ozarbayjon fuqarolariga beriladigan barcha huquq va majburiyatlar ularga ham taaluqli bo`ladi.
Biz har doim konstitusiyaga muvofiq ish ko`ramiz. Asosiy qonunimizga ko`ra bizda ikki fuqarolik taqiqlangan. Ozarbayjon pasportiga ega aholida boshqa davlat fuqaroligi bo`lgan taqdirda, bu holat Ozarbayjon davlati tomonidan tan olinmaydi. Hozircha Qorabog`dagi arman aholisi o`rtasida Ozarbayjon fuqaroligini olish holati uchramadi, ammo buni istaydiganlar etarlicha topiladi.
Lochin yo`li
Hozirda Lochin yo`li to`liq bizning nazoratimiz ostida bo`lib turibdi. Hozirda arman tomonidan e`tirozlar bo`lmoqdaki, ushbu yo`ldan yuk olib o`tish taqiqlangani tufayli gumanitar muammolar yuzaga kelayotgan ekan. Vaholanki Qorabog` va Armaniston o`rtasidagi aloqa butkul uzib qo`yilmagan, biz yuk olib o`tish uchun Agdam yo`lini taklif qilmoqdamiz. Ammo ayirmachilar bu yo`ldan foydalanishni istashmayapti, chunki ularga Lochin yo`li harbiy yuk olib o`tish uchun kerak bo`lardi.
Biz bunga yo`l qo`ymaymiz. Agarda Qorabog`dagi tinch aholiga biror yordam kerak bo`lsa, biz bajonidil ko`mak ko`rsatishga tayyormiz. Masalan, oziq-ovqat va tibbiy mahsulotlar etkazib beriladi. Ammo Lochin yo`li orqali harbiy yuk olib o`tishlariga mutlaqo yo`l qo`yilmaydi.
Mintaqada batamom tinchlik o`rnatilgach barcha yo`llar shubhasiz ochiladi.
Harbiy kuchlar
Hozirda hisob-kitoblarga ko`ra Qorabog`da 10 ming nafar atrofida harbiylar bor. Armaniston tomonidan da`vo qilinishicha, ularning barchasini mahalliy aholi tashkil etadi. Ammo o`zi 25-30 ming nafar aholi istiqomat qilib turgan joyda 10 ming harbiy bo`lishi mumkinmi?
Hozir Qorabog`dagi har to`rt odamdan biri harbiy hisoblanadi. Bu harbiylashgan hudud.
Minalar
Ayni vaqtda Qorabog`dagi katta muammolardan biri – minalardan tozalash bo`lib turibdi. Taxmin qilinishicha, hududni to`liq tozalash uchun 10-15 yil vaqt kerak bo`ladi. Masalan, Lochinda 2021 yilda o`rnatilgan mina aniqlangan. Ya`ni, ayirmachilar yaqin vaqtlargacha ham minalashtirish ishlarini olib borganlar.
Tinchlik muzokaralari
Ozarbayjon har doim tinchlik istagan va bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi. Mintaqamiz tinch bo`lishi uchun har qanday maydonda muzokara o`tkazishga tayyormiz. Evropa vositachi bo`ladimi, Amerika yoki Rossiya, naf keltirsa bo`lgani, biz muzokaralarda qatnashishga tayyormiz.
Ozarbayjon xalqaro huquq normalari bo`yicha mudom haq bo`lib kelgan, bu borada xalqaro tashkilotlar tomonidan turli rezolyusiya va qarorlar ham qabul qilingan. Ammo shu vaqtga qadar ularning hech biri ishlagani yo`q. Endi amaliy ishga o`tish vaqti keldi.
Urush faxriylari
Qorabog` urushida ishtirok etgan, yarador bo`lgan va ayniqsa shahid ketganlarning oilasiga har doim katta e`tibor beriladi. Ushbu holat Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievning shaxsan nazoratida.
Biz o`z qahramonlarimizni qadrlaymiz va ularga barcha yordam hamda ko`makni ko`rsatishga tayyormiz.






