Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda darakchi.uz'ga DXX Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, Andijon shahrida yashovchi, 1988 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Equinox” avtomashinasi Oltinko`l tumanida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg. 988 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, Andijon shahrida yashovchi, 1989 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyati uchun sudlangan shaxs ushbu ajal og`usini Tojikiston Respublikasidagi narkosavdogarlardan 5500 AQSh dollari evaziga Namangan viloyatining Pop tumani hududiga keltirib berish sharti bilan sotib olganligi aniqlanib, u ham prosessual tartibda qo`lga olindi.
O`z navbatida “Equinox” avtomashinasi egasi ushbu giyohvandlik vositasini tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan qoldirib ketilgan xufiya joydan olib, jinoiy sherigining yoniga ketayotgan bo`lgan.
Boshqa holatda esa Qirg`iz Respublikasidan giyohvandlik vositalarini olib kelib, sotish bilan shug`ullangan 2 nafar shaxs ushlandi.
Xususan, Jalaquduq tumanida yashovchi, 1977 y.t. fuqaro 100 gr. “gashish” moddasini Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1974 y.t. jinoiy sherigiga olib ketayotgan vaqtida qo`lga olindi.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan 586 gr. “gashish”, jinoiy sherigi uyidan esa 19 gr. “gashish” moddasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Andijon shahrida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan shaxs esa o`z o`g`lining boshqaruvida bo`lgan “KIA” avtomashinasida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan vaqtida Bo`ston tumanidagi 44-sonli YPX maskanida to`xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganida, uning salon qismida Qirg`iz Respublikasidan keltirilgan 673 gr. “gashish” moddasi hamda 42 dona kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 14 dona kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari olindi.
Andijon shahrida qayd etilgan yana bir holatda, 1969 y.t., muqaddam sudlangan shaxs Qirg`iz Respublikasidan narkotik moddalar olib kelib, sotishini boshqalardan sir tutish maqsadida, shaharning boshqa hududidan ijaraga uy olganligi aniqlandi.
Uning ijaraga olgan xonadoni ko`zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan jami 269 gr. “gashish” moddasi va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.