AsosiyDunyo

Pokistonda bolalar erdan 274 metr balandlikdagi kanatda qolib ketdi

'Pokistonda bolalar erdan 274 metr balandlikdagi kanatda qolib ketdi'ning rasmi

Pokiston shimoli-g`arbidagi dara ustidan o`tgan osma yo`lda (kanat) qolib ketgan 10 yoshdan 16 yoshgacha bo`lgan bolalar va yana ikki kishini qutqarish bo`yicha amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi, deya yozmoqda Zamon.uz. 

Rasmiy shaxslarning so`zlariga ko`ra, sakkiz kishidan iborat guruh maktabga ketayotganida po`lat arqonlardan (tros) biri uzilib ketgan va ular erdan 274 metr balandlikda osilib qolgan.

Mahalliy nashrlar xabariga ko`ra, qutqaruvchilar kelguniga qadar yo`lovchilar kamida to`rt soat davomida kanat vagonida qolishgan.

Avariya seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat taxminan 07:00 da Xayber-Paxtunxva provinsiyasining Allay vodiysi hududida ro`y bergan.

Ochiq vagon bitta tros orqali tutib turilgan.

Allay – tog`li hudud bo`lib, dengiz sathidan 2 ming metr balandlikda joylashgan. Bu hududdagi aholi yashash manzillari bir-biridan uzoq masofalarda joylashadi.

Pokiston shimolidagi mazkur tog`li hududning katta qismida transport infratuzilmasi mavjud emas, bu erda yo`llar deyarli yo`q. Ko`plab hududlarda bir tog`dan boshqasiga o`tish uchun shunga o`xshash ko`tarish vositalaridan foydalaniladi.

Mahalliy o`qituvchilardan biri Pokistonning Dawn nashriga aytib berishicha, uning hududida boshqa transport yo`qligi uchun har kuni maktabga 150 ga yaqin kishi kanat yo`l orqali qatnaydi.

Kanat yo`lda qolib ketgan o`quvchilar yashaydigan hududdan maktabgacha masofa piyoda ikki soatda bosib o`tiladi. Shuning uchun mahalliy aholi vakillaridan biri bo`lgan mexanik o`ziga xos lift qurishga qaror qilgan, uning yordamida yuqoriga atigi to`rt daqiqa ichida ko`tarilish mumkin.

Mahalliy polisiya ma`lumotlariga ko`ra, u qurilish uchun mahalliy rasmiylardan ruxsat olgan, rasmiylar ham uning xavfsizligini har oyda tekshirib turishi kerak bo`lgan.

Mahalliy polisiyachining BBC muxbiriga aytishicha, 22 avgust kuni tongida ham kanat orqali maktabga va ortga to`rt qatnov amalga oshirilgan, ammo beshinchi safar kanat arqoni uzilib ketgan.

    Boshqa yangiliklar