AsosiyJamiyat

Imom-xatib Isoqjon Begmatovning "keshbek" haqidagi chiqishi keskin munozaralarga sabab bo`lmoqda

'Imom-xatib Isoqjon Begmatovning "keshbek" haqidagi chiqishi keskin munozaralarga sabab bo`lmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Musulmonlar idorasi Isoqjon Begmatovning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Shu yil 24 avgust kuni Toshkent shahridagi «Imom Termiziy» jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning soliqlar va «keshbek» ilovalaridan foydalanish to`g`risidagi o`zboshimchalik ila qilgan chiqishi keskin munozaralarga sabab bo`ldi. Ayniqsa, savdo bilan shug`ullanganlik uchun soliq to`lash, kassa apparati ishlatish va «keshbek» ilovalarini joriy etish haqidagi imom-xatibning chiqishiga haqli e`tirozlar bildirildi.

Ta`kidlash kerakki, I.Begmatovning mazkur qarashlari O`zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmaydi, balki uning o`zboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikridir. O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil o`rganilib, «Keshbek» kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablag`, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda g`arar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan.

Haqiqatan, soliq iqtisodiyot asoslaridan biri bo`lib, ijtimoiy himoya, xayriya ishlari, bog`cha, maktab, mudofaa kabi aholi uchun zarur ob`ektlarni moliyalashtirish, shuningdek, yo`l, ko`prik va shifoxona singari ko`pchilikka muhim inshootlarni qurish hamda pensiya, nafaqalar soliq tushumlari hisobidan amalga oshiriladi.

Zero, soliqlar har bir zamon va makonda mavjud bo`lgan. Islom dinida ixtiyoriy xayriyalarga hadya, sadaqa kabilar kirsa, majburiylari qatoriga zakot, ushr, fitr sadaqa, fidya va jizya kabilar kiradi. Islom tarixida ham mana shunday yig`imlar hukumat ishlarini yuritish, yordamga muhtojlarni qo`llab-quvvatlash, xavfsizlikni ta`minlash, ko`prik va shu kabi insonlarga manfaat keltiradigan inshootlarni barpo etishga sarflangan.

O`zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini qonunchilik talablariga hurmat bilan yondoshishga muntazam chaqiradi. Jumladan, xalq manfaati va mamlakat taraqqiyotini ko`zlab, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni doim qo`llab-quvvatlaydi.

Qayd etish lozimki, O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yo`naltirilgan hujjatlarda imom-domlalar amaldagi qonunchilik talablariga rioya etishlari, islohotlarni qo`llab-quvvatlashlari, mehnat majburiyatlariga amal qilishlari hamda munozaraga sabab bo`luvchi chiqishlar qilmasliklari qat`iy belgilab qo`yilgan.

Afsuski, Isoqjon Begmatov mazkur chiqishida me`yoriy hujjatlar talablarini buzib, ushbu yo`nalishdagi buyruqlar, ichki tartib qoidalar hamda mehnat majburiyatlariga amal qilmagani ma`lum bo`ldi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O`zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi shu yil 25 avgust kuni Toshkent shahridagi «Imom Termiziy» jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov xatti-harakatini ko`rib chiqadi, deyiladi munosabatda.

    Boshqa yangiliklar