Fransiyaning sayyohlik industriyasiga ixtisoslashgan «infotravel.fr» veb-saytida «O`zbekiston bo`ylab sayohat qilishning qanday afzalliklari bor?" sarlavhali maqola joylashtirildi.
"O`zbekiston bir paytlar sayohatchilarni mamlakatga tashrif buyurishdan to`xtatib qo`ygan murakkab kirish vizasi tartib-qoidalaridan voz kechdi, - deyiladi maqolada. - Bugungi kunda viza olish jarayoni ancha osonlashdi, bu O`zbekistonni yolg`iz sayohatchilar, oilalar, talabalar, sarguzashtni yaxshi ko`radigan va o`ziga xos madaniy tajriba izlayotgan chet elliklar uchun sevimli manzilga aylantirdi. Boy tarixi, go`zal manzaralari va samimiy mehmondo`stligi bilan mashhur bo`lgan O`zbekiston hali ham to`liq ochilmagan sirli tarixini o`z bag`riga saqlab qolmoqda".
Nashrda O`zbekistonda jamoat transporti xavfsizlik va qulaylik darajasi bilan yuksak qadrlanishini ta`kidlangan. Qayd etilishicha, O`zbekiston bo`ylab harakatlanadigan tez yurar poezdlar va avtobuslar mamlakat bo`ylab eng yaxshi transport vositalaridan hisoblanadi. Ayniqsa, temir yo`l tizimi o`zining kengligi va qulayligi bilan mashhur. Shuning uchun ko`plab xorijiy sayyohlar uni afzal biladilar.
"O`zbek oshxonasi xavfsiz va mazali taomlari bilan mashhur. O`zbek oshxonasi odatda xamirli, guruchli, sabzavot va qo`y go`shtidan tayyorlangan taomlarni taklif qiladi. O`zbekistonning milliy taomi - bu palov. U yog`, guruch, mol yoki qo`y go`shti, sabzi, mayiz va piyoz kabi masalliqlardan pishiriladi", - ta`kidlangan materialda.
Nashrda O`zbekistonda avtomobil yo`llarida xavfsizlikni ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratilgan. "Bu mamlakatga tashrif buyuruvchilarning ko`pchiligini qiziqtiradigan savol. Umuman olganda, O`zbekiston yo`llari xavfsiz hisoblanadi, – deyiladi maqolada. -Mamlakatning asosiy yo`llari yaxshi holatda. Qolaversa, mamlakat iqtisodiyoti yuksalib, modernizasiya qilinmoqda, bu esa yo`llar yanada yaxshilanishini anglatadi".
Elektron nashr, shuningdek, O`zbekiston yolg`iz sayohat qiladigan ayollar uchun ham juda xavfsiz joy ekanligini urg`ulagan. Qayd etilishicha, o`zbeklar juda xushmuomala va izlanuvchan xaql bo`lib, ular sayohlarni ko`pincha choyga yoki ovqatga taklif qiladilar.
"O`zbekiston tarixi, madaniyati va tabiiy go`zalliklarini o`rganishni xohlovchi ayollar uchun xavfsiz sayohat joyi", - deyiladi maqolada.
Maqolada O`zbekiston bo`ylab sayohat yosh bolali oilalar uchun ham xavfsiz ekani ham ma`lum qilingan. O`zbek madaniyatida bolalarga katta e`tibor qaratiladi, o`zbeklar ularga g`amxo`rlik va hurmat bilan munosabatda bo`lishadi. Aksariyat tadbirlar yosh bolalar uchun mo`ljallanmagan. Buxoro, Samarqand va Xiva kabi boy tarixga ega shaharlarga tashrif buyurish ham bolalar, ham kattalar uchun ham dam olish va ma`rifiy tajriba bo`lishi mumkin.
"O`zbekiston iqtisodiyoti so`nggi yillarda sezilarli darajada yaxshilandi va hozirda mamlakatda daromad hamda madaniy almashinuv manbai sifatida turizmga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ko`pgina shaharlarda chet ellik sayyohlarning xavfsizligini ta`minlash uchun turizm polisiyasi faoliyati yo`lga qo`yildi. Ular sizning xavfsizligingiz uchun kafolat hisoblanadi", - deb xulosa qiladi "infotravel.fr".






