Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tver viloyatida halokatga uchragan Embraer Legacy 600 biznes-jeti bortida halok bo`lgan Vagner PMS asoschisi Evgeniy Prigojinning dafn marosimi qachon va qanday o`tkazilishini Kreml bilmaydi, dedi. Bu haqda "Kommersant" xabar bermoqda.
“Dafn marosimi haqida hozircha hech qanday ma`lumotga ega emasman, shuning uchun hech narsa deya olmayman. Shubhasiz, qaror qabul qilinishi bilanoq u ommaga e`lon qilinadi. Bunday qarorlar hamisha qarindoshlar bilan birgalikda qabul qilinadi va birinchi navbatda qarindoshlarning qaroriga asoslanadi”, — dedi Kreml matbuot kotibi.
Vladimir Putinning Evgeniy Prigojinning dafn marosimida ishtirok etishi mumkinmi degan aniq savolga Dmitriy Peskov shunday javob berdi: "Biz qachon, qanday (dafn marosimi bo`lib o`tishini) hali bilmaymiz, shuning uchun hozir bu savolga javob bo`lishi mumkin emas".
Eslatib o`tamiz, 23 avgust kuni Embraer Legacy 600 biznes-jeti halokatga uchradi. Samolyotda 10 kishi, jumladan Evgeniy Prigojin va Vagner PMS komandiri Dmitriy Utkin bo`lgan. Etti yo`lovchi va uch ekipaj a`zosi halok bo`ldi. 27 avgust kuni Evgeniy Prigojinning o`limi tasdiqlandi.
Vladimir Putin 24 avgust kuni aviahalokatga izoh berdi. U hamdardlik bildirar ekan, u Evgeniy Prigojinni anchadan beri bilishini ta`kidladi. Putin uni taqdiri og`ir bo`lgan iste`dodli inson deb atadi.






