AsosiyJamiyat

Shaharsozlik sohasidagi bir qator mutaxassislar har uch yilda bir marta attestasiyadan o`tkaziladi

'Shaharsozlik sohasidagi bir qator mutaxassislar har uch yilda bir marta attestasiyadan o`tkaziladi'ning rasmi

“Ma`muriy islohotlar doirasida qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar bermoqda.

Farmonga ko`ra, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish bosh boshqarmasi va tumanlar bo`limlari Toshkent shahri hokimligi bo`ysunuvidan Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi bo`ysunuviga o`tkazilib, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xo`jaligi bosh boshqarmasi va tumanlar bo`limlariga aylantiriladi.

Shuningdek, qurilish faoliyati sub`ektlarining (buyurtmachi, loyihachi, pudratchi bo`yicha) majburiy tartibdagi nazorat tadbirlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasida amalga oshiriladi.

Shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo`nalishlari bo`yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:

2023 yil 1 oktyabrdan:

— loyiha boshqaruvini va texnik nazoratni, shu jumladan yo`nalishlar bo`yicha nazoratni olib boruvchi mutaxassislar;

— loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib boruvchi mutaxassislar, shuningdek, loyiha bosh muhandislari va bosh arxitektorlari;

— pudrat tashkilotlarining ichki nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar;

2024 yil 1 yanvardan:

— nazorat o`lchovini amalga oshiruvchi mutaxassislar;

— ekspert tashkilotlari ekspertlari;

— ko`p kvartirali uylarni boshqarish organlari rahbarlari;

2024 yil 1 apreldan:

— tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;

— qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.

Bunda, mutaxassislarni sertifikatlash ishlarini tashkil etish bo`yicha ishchi organ funksiyasi Vazirlik huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyani rivojlantirish institutiga yuklanadi.

    Boshqa yangiliklar