Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlari maktablarida yangi o`quv yiliga eng yaxshi tayyorgarlik ko`rilgan. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ma`lum qildi.
Respublikadagi jami 9978 ta umumta`lim maktablardan 7039 tasida 2023/2024 yangi o`quv yiliga tayyorgarligi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga (SanQvaN) rioya qilinishi ustidan nazorat o`tkazildi.
Umumta`lim maktablaridan jami 5398 tasi yangi o`quv yiliga tayyor holatga keltirilgan, 1612 tasida tayyorgarlik ishlari davom etmoqda, 29 tasida ta`mirlash, jihozlash, tayyorgarlik ishlari olib borilmayotganligi aniqlandi.
Umumta`lim maktablarda sanitariya qonunbuzilish holatlariga yo`l qo`ygan 2752 nafar mas`ul shaxsga nisbatan ma`muriy choralar (jarimalar) qo`llanilgan, 78 ta umumta`lim maktablar ish faoliyati vaqtincha to`xtatilgan.
1768 nafar ishchi-xodimlar tibbiy ko`rikdan o`z vaqtida o`tmagani sababli ishdan vaqtincha chetlashtirilgan.